Uitkoff AQSH–Ukraina muzokaralari tafsilotlarini ochiqladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus elchisi Stiven Uitkoff Mayami (Florida shtati)da o‘tkazilgan AQSH–Ukraina formatidagi muzokaralarda e’tibor qaratilgan asosiy masalalarni ochiqladi. U kecha, 21 dekabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida shu haqdagi postini e’lon qildi.

Maxsus elchining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda asosiy e’tibor to‘rt muhim masalaga qaratilgan: Trampning 20 bandlik tinchlik rejasini rivojlantirish, ko‘p tomonlama xavfsizlik kafolatlari tizimi bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirish, AQSHning Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari tizimi bo‘yicha pozitsiyalarni kelishish hamda “iqtisodiy rivojlanish va farovonlik rejasini” rivojlantirish.

Uitkoff “keyingi qadamlar muddatlari va tartibi” haqida so‘z yuritilganini ta’kidladi.

“Bizning umumiy prioritetimiz – qotilliklarni to‘xtatish, kafolatlangan xavfsizlikni ta’minlash va Ukraina uchun tiklanish, barqarorlik hamda uzoq muddatli farovonlik sharoitlarini yaratish. Tinchlik faqat harbiy harakatlarni to‘xtatish emas, balki barqaror kelajak uchun munosib asos bo‘lishi kerak”, dedi Trampning vakili.

Stiven Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Mayamida ukrain delegatsiyasi yevropalik hamkorlari bilan ham uchrashuv o‘tkazgan.

Ukraina delegatsiyasi tarkibiga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov hamda Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov kirdi.

AQSH delegatsiyasini Trampning kuyovi Jared Kushner, Oq uy xodimi Josh Gryunbaum va Uitkoff tashkil qildi.

Muzokaraga Yevropa asosiy milliy xavfsizlik maslahatchilari ham qo‘shildi, bu Ukraina, AQSH va Yevropa uchun umumiy strategik yondashuvni muvofiqlashtirish maqsadida qilindi.

“The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasi xabar berishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tramp atrofidagi rasmiylarning psixologik profillarini o‘rganib, muzokaralarda AQSH tomonidan aynan Uitkoffning ishtirok etishini talab qilgan.

Kreml Uitkoff va Rossiya lideri uchrashuvi uchun ham shart qo‘ygan: Uitkoff Moskvaga alohida borishi. WSJ manbasiga ko‘ra, unga Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari, diplomatlar va hatto tarjimon ham hamrohlik qilmasligi kerak edi.

“Davlat departamenti maxsus elchini qo‘llab-quvvatlash uchun kichik guruh ajratgan, lekin ushbu jamoa a’zolari va boshqa ma’muriyat xodimlari Uitkoffning xorijiy uchrashuvlari bo‘yicha ma’lumot olishda qiyinchilikka duch keladi”, deb qo‘shimcha qilgan nashr.

Shu sharoitda, dekabr oyida Uitkoff Rossiyaga oltinchi marta tashrif buyurdi, u Putin bilan besh soatlik suhbat qilgan va kechki soatlarga qadar suhbat davom etgan. Ushbu maxsus elchining Ukrainaga hech qachon bormagani qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Stiven Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing