Ugom daryosi gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Ugom daryosi va unga tutash hududlar davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi. Bu haqda bugun, 30 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Mamlakatda so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi jadal rivojlanish tabiatga ta’sir etuvchi omillarni qat’iy nazorat qilishni, ekologik talablarga rioya etishni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilingan. Qayd etilishicha, 2024 yilda 47 mingdan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025 yilda ular soni 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zararga mutanosib emasligi sababli ba’zi korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab, faoliyatni davom ettirish qulayroq bo‘lib qolmoqda.

Shu bois, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etilgan. Jumladan, daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni g‘ayriqonuniy kesish, atmosfera havosiga belgilangan me’yordan ortiq tashlamalar chiqarish, qurilish maydonlarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yish, chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan moliyaviy choralar joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bu jarayonda ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirib, korxona aybini tan olgan holatlarda uni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan qo‘llash, nizoli holatlarda esa masalani sud tartibida ko‘rib chiqish va hal etish tartibini joriy qilish taklif qilingan.  

Taqdimotda Ugom daryosining tabiiy muvozanatini tiklash va uning noyob tabiiy merosini saqlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.

Ugom daryosi va uning havzasi Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘i tarkibidagi muhim ekologik hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘nlab noyob o‘simlik va hayvonot turlari, shu jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlar mavjud. Daryo Chirchiq havzasining suv ta’minotida ham muhim o‘rin tutadi.

Tahlillarga ko‘ra, keyingi yillarda Ugom daryosida suv sarfi kamayib, suv sifatiga ta’sir etuvchi omillar ko‘paygan. Bu holat qirg‘oqlarning yemirilishi, fauna va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bioxilma-xillik qisqarishi xavfini oshirmoqda.

Shu bois, Ugom daryosi va unga tutash hududlarni davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilish, sohilbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizimga ta’sir ko‘rsatuvchi qurilish va yer ishlarini cheklash taklif etilgan. Shuningdek, suv muhofaza zonalaridagi ob’ektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning suv sifati va biofaunaga ta’sirini baholash vazifalari belgilandi. Ekologik talablarga javob bermaydigan faoliyatlarni to‘xtatish yoki boshqa joyga ko‘chirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Qolaversa, daryoning gidrologik va ekologik holatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha “Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash” master rejasini ishlab chiqish, sohilbo‘yi va muhofaza zonalarida yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, tabiatni muhofaza qilish sohasida nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, suv resurslari va bioxilma-xillikni asrash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ugom daryosi ekologik barqarorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing