O‘g‘lini qo‘shni bola bilan urishtirgan ota qamaldi
3-sahifa
−
27 mart
8547Avvalroq, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida ota o‘g‘lini qo‘shni bolani urishga majburlagani haqida xabar berilgandi. Endilikda sud tomonidan mazkur shaxsga 10 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Bildirilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik) hamda 188-1-moddasida (voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan otaga jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan 10 sutka ma’muriy qamoq va bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari – 3 million 400 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Ma’lumot uchun, mazkur voqea 21 mart kuni sodir bo‘lgan. 10 yoshli T.M. qo‘shnisi X.K. bilan o‘zaro kelishmovchilik sabab urishgan. Bu vaqtda T.M.ning otasi E.M. ularning o‘zaro janjalini kuzatib, bolalarni ajratish o‘rniga aksincha, o‘g‘liga qo‘shnisini urishi uchun imkon yaratgan. O‘zi ham urishga ko‘maklashib, janjalni davom ettirishga o‘g‘lini majbur qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Cho‘lobod qishlog‘ida yashovchi ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgani, Samarqandda esa 13 yashar bola oyog‘idan kishanlangan holda topilgani haqida xabar bergan edik.