UFC chempioni promoushendagi so‘nggi jangini o‘tkazadi
Sport
−
21 dekabr 2021
5088UFC og‘ir vazn toifasi chempioni Fransis Ngannu (16-3) UFC 270 turniri doirasida fransiyalik Siril Ganga (10-0) qarshi oktagonga ko‘tariladi. Tashkilot prezidenti Dana Uaytning ma’lum qilishicha, promoushen bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra bu 35 yoshli kamerunlik Ngannu uchun oxirgi jang hisoblanadi.
“Og‘ir vazn toifasidagi chempionimiz shartnomasi uchun kurashadi. Ba’zida shunga o‘xshash narsalar sodir bo‘lib turadi. Odamlar bilan kelishib olish har doim ham mumkin emas. Jangchi bo‘lsangiz ham atrofdagilarni e’tibor bilan tanlashingiz kerak. Menimcha, Fransisda eng yaxshi menejerlar bo‘lmagan. Agar biz bilan bo‘lishni istasa, uni olib qolishdan xursand bo‘lamiz. Agar aksincha bo‘lsa, muammo yo‘q”, deydi Uayt.
Ngannuning so‘nggi jangi 2021 yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan va sobiq chempion Stipe Miochich (20-4) ustidan g‘alaba qozonib, kamarga ega chiqqan edi. Ushbu tanaffus tufayli UFC divizionda vaqtinchalik chempionlik unvoni uchun jang tashkil etishga majbur bo‘ldi. 2021 yil avgust oyida o‘tkazilgan bellashuvda Gan Derrik Lyuisni (26-8) nokaut evaziga mag‘lub etishning uddasidan chiqqan edi.
Ma’lumot uchun, UFC 270 turniri 2022 yilning 22 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan va markaziy jang Ngannu va Gan o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.