O‘FA prezidenti milliy terma jamoa futbolchilari bilan uchrashdi
Sport
−
10 Oktabr
4383Kecha, 9 oktyabr kuni Jahon chempionati uchinchi saralash bosqichining muhim o‘yinlari oldidan O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov milliy jamoa bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
JCH-2026 saralash bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 10 oktyabrda Eron, 15 oktyabr kuni esa BAA terma jamoasi bilan to‘qnash keladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Abdusalom Azizov ana shu o‘yinlar oldidan milliy terma jamoa a’zolari bilan ko‘rishib, bo‘lajak bahslarning ahamiyati, g‘alabalar orqali mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yaqin kelish mumkinligi haqida so‘z ochdi.
Bosh murabbiy Srechko Katanets betobligi sabab yig‘inga kela olmaganiga qaramay, jamoa bor kuchini ishga solgan holda, ijobiy natija qayd etishiga ishonch bildirildi. Bu borada yordamchi murabbiylar zimmasida ham katta mas’uliyat bo‘lishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida jamoaning bir qator yetakchi futbolchilari o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Tibbiy shtab va jamoaga aloqador barcha mutaxassislarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.