Assotsiatsiya Katanets davrida Klinsmannga shartnoma taklif qilgani ma’lum bo‘ldi
Sport
−
29 iyun 10908 1 daqiqa
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2024 yil noyabr oyida, milliy terma jamoaga Srechko Katanets bosh murabbiylik qilib turgan vaqtda, undan yashirin ravishda Yurgen Klinsmannga shartnoma taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda milliy terma jamoaning sobiq rahbarlaridan biri Sherzod Egamberdiyev ma’lum qildi.
Egamberdiyev ma’lum qilishicha, 2024 yil noyabr oyidagi o‘yinlardan keyin Katanets Toshkentga kelib, jamoaning 2025 yil mart oyidagi uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasini tasdiqladi va terma jamoa bilan qolishini, hech qayerga ketish niyati yo‘qligini aytgan.
Biroq, o‘sha yilning dekabr oyida unga Yurgen Klinsmann qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi unga O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini taklif qilganini aytgan. Vaholanki, o‘sha vaqtda bu lavozimda hali ham Katanetsning o‘zi ishlardi. Katanets bu gapga ishonmaganidan so‘ng, Klinsmann unga assotsiatsiya tomonidan yuborilgan tayyor shartnoma nusxasini yuborgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yanvar oyida Srechko Katanets sog‘lig‘idagi muammolar sabab O‘FA bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro kelishuv asosida tugatgandi. Keyinchalik uning o‘rniga Temur Kapadze terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan.
Live
Barchasi