UEFA Shotlandiya muxlislaridan uzr so‘radi
Sport
−
22 noyabr 1662 2 daqiqa
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) Shotlandiya terma jamoasi muxlislarining mamlakat jamoasini Jahon chempionatiga chiqqanini nishonlayotgan videolari ijtimoiy tarmoqlardan olib tashlangani uchun rasmiy ravishda uzr so‘radi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi (SFSA)ga UEFA nomidan advokatlar xatlar yuborilib, X (sobiq Twitter) platformasida Shotlandiya – Daniya uchrashuvidagi o‘yin tasvirlari ruxsatsiz namoyish etilgani aytilgan. Natijada mamlakat bo‘ylab Glazgo, Sterling, Dandi va boshqa shaharlardagi barlarda o‘yin natijasini nishonlayotgan muxlislarning videolari olib tashlangan, SFSA akkaunti esa vaqtincha bloklangan.
SFSA hammuassisi Pol Gudvin bu holatdan hayratda qolganini aytib, da’voning adolatliligiga shubha bildirdi:
“UEFA X’dan ba’zi klub barlaridagi oddiy bayram videolarini o‘chirishni talab qilgani, futbolni boshqarayotgan ayrim odamlarning o‘yindan qanchalik yiroqligini ko‘rsatadi. Bu juda ajablanarli holat”, dedi u.
“Kontentni himoya qilish agentliklarimiz tomonidan ayrim videolar noto‘g‘ri tanlab olingan. Noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Mualliflik huquqi bo‘yicha bildirishnomalarni qaytarish choralari ko‘rilmoqda va videolar ijtimoiy tarmoqlarga tiklanadi”, deya izoh berdi UEFA vaziyatni qayta ko‘rib chiqqandan so‘ng rasmiy bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Shotlandiya terma jamoasi joriy yilning 18 noyabr kuni Xempdenda Daniyani 4:2 hisobida mag‘lub etib, 1998 yildan beri ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi. https://qalampir.uz/news/zhch-2026-ishtirokchilari-soni-42-taga-yetdi-127332