UEFA, OFK va CONCACAF FIFA’siz JCHni o‘tkazish g‘oyasini muhokama qilmoqda

Sport

image

Agar FIFA prezidenti Janni Infantino lavozimida qolsa, UEFA, OFK va CONCACAF muqobil xalqaro turnirlarni tashkil etishi mumkin. Bu haqda “The Times” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, uch konfederatsiya rahbarlari Infantinoga nisbatan ishonchni yo‘qotgan va uning 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida to‘rtinchi muddatga nomzodini qo‘yishiga qarshi bir qator strategiyalarni ishlab chiqqan.

Xabarda aytilishicha, agar Infantino o‘z lavozimida qolsa, UEFA, OFK va CONCACAF FIFA’dan mustaqil ravishda muqobil musobaqalar o‘tkazishga tayyor. Shuningdek, ular FIFA Kengashi yig‘ilishlarini boykot qilishi va tashkilot qarorlarini tasdiqlashdan bosh tortishi ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Infantino avvalroq Jahon chempionati tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish g‘oyasini ilgari surgan edi.

Infantino ushbu tashabbus a’zo assotsiatsiyalar daromadini oshirishi va jahon futboli rivojiga xizmat qilishini ta’kidlagan. FIFA’ning hisob-kitobiga ko‘ra, loyiha 4,2 milliard dollar mablag‘ jalb qilishi mumkin edi. Biroq, ushbu tashabbus turli federatsiyalar va futbol tashkilotlari tomonidan keskin tanqid qilindi.

Shuningdek, jurnalist Romen Molina Infantinoga tashkilot ichidagi qo‘llab-quvvatlov pasaygani va u yaqin vaqt ichida iste’foga chiqishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan FIFA’ning navbatdan tashqari kongressida prezident etib saylangan. U keyinchalik yana ikki marta raqobatsiz qayta saylangan. FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylov 2027 yilning mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing