UEFA’ning barcha jamoalari FIFA turnirlarini boykot qilishini e’lon qildi

Sport

image

Yevropa futbol ittifoqi (UEFA)ga a’zo milliy assotsiatsiyalar Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning bahsli rejalariga qarshi chiqib, ushbu tashabbus bekor qilinmaguncha tashkilotning barcha musobaqalarini boykot qilishini e’lon qildi. Bu haqda UEFA rasmiy sahifasida xabar berdi.

Avvalroq, FIFA Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha tashabbuskorlari AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati vakillari bilan maslahatlashgan. Yangi kompaniya ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini ham boshqarishi mumkin.

UEFA esa bu tashabbusga darhol qarshi chiqqan. Endi esa tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha 55 milliy assotsiatsiya imzolagan qo‘shma bayonot e’lon qilindi. Ular qatorida Qozog‘iston futbol federatsiyasi ham bor.

“Biz FIFA’ning Jahon chempionati va boshqa FIFA musobaqalariga egalik huquqini xususiy investorlarga o‘tkazish taklifini bir ovozdan va qat’iy ravishda rad etamiz.
Jahon chempionatini investitsiya mahsuloti sifatida ko‘rib bo‘lmaydi. Bu futbolning eng buyuk sport meroslaridan biri bo‘lib, uni avlodlar davomida barcha qit’alardan kelgan futbolchilar, terma jamoalar va muxlislar yaratgan. Uning biror qismi ham xususiy investorlarga berilishi mumkin emas. Jahon chempionati sotilmaydi”, deyiladi bayonotda.

UEFA, shuningdek, bunday muhim tashabbusning futbolni boshqarish uchun mas’ul tomonlar bilan yetarlicha maslahatlashmasdan va maxfiy tarzda tayyorlanganini keskin tanqid qildi.

“Bu shunchaki boshqaruvdagi jiddiy xato emas, balki FIFA’ning jahon futboli homiysi sifatidagi mas’uliyatidan voz kechishidir“, deya ta’kidladi UEFA.

Bayonotda qayd etilishicha, milliy futbol assotsiatsiyalari amalda tanlovsiz qolmoqda: yo taklifni qabul qilish, yoki salbiy oqibatlarga duch kelish. UEFA bu holatni demokratik tamoyillarga zid bo‘lgan “qo‘rqitish siyosati” deb baholadi.

Tashkilotning fikricha, agar tashqi investorlar FIFA musobaqalarida mulk ulushiga ega bo‘lsa, jahon futboli tubdan o‘zgaradi.
UEFA bunday boshqaruv modeli jahon futbolida o‘rin olmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Futbol kelajagini asosiy maqsadi moliyaviy foydani oshirish bo‘lgan investorlar belgilamasligi lozim. Milliy assotsiatsiyalar, ligalar, klublar, futbolchilar va muxlislar manfaatlari ham moliyaviy foydaga bo‘ysundirilmasligi kerak. Futbol o‘z kelajagini moliyaviy manfaat evaziga garovga qo‘ymasligi lozim”, deyiladi bayonotda.

UEFA Yevropa pozitsiyasi aniq ekanini ta’kidlab, bahsli islohot to‘liq bekor qilinmaguncha va bunday g‘oya qayta ko‘rib chiqilmasligiga kafolat berilmaguncha FIFA musobaqalarini boykot qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

“Hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak: UEFA va uning milliy assotsiatsiyalari bu rejalarga qat’iy qarshi. Ba’zida tashkilotlar ular qabul qiladigan qarorlar bilan emas, balki qanday murosalardan voz kechishi bilan baholanadi. Bu aynan shunday holat.
Ayrim qadriyatlar sotilmaydi. FIFA Jahon chempionati butun futbol jamoatchiligiga tegishli. U doimo shunday bo‘lib qoladi. Yevropa o‘z so‘zini ayta olar ekan, u hech qachon sotilmaydi”, deya xulosa qildi UEFA.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa futboli rahbarlari Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfiyni 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida nomzod sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. Amaldagi prezident Janni Infantino esa yana to‘rt yillik muddatga saylanishni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing