“Uchta tirrancha otasini bulg‘ayapti”. Jo‘rayevlar nega sudlashyapti?

Madaniyat-san’at

Sudlashayotgan Jo‘rayevlar… So‘nggi vaqtlarda o‘zbek shou-biznesida tez-tez konfliktlarga guvoh bo‘lyapmiz. Buni kimdir piar deb baholasa, yana kimdir xonandalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Boshqa san’at vakillari esa ushbu vaziyatga o‘zining shaxsiy munosabatini bildiryapti. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan shov-shuvli mavzulardan biri Jo‘rayevlar o‘rtasidagi sud. Yodingizda bo‘lsa, bundan bir necha oy avval taniqli xonanda Botir Qodirov o‘zbek xalqining mashhur va sevimli qo‘shiqchisi Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanligi haqida gap-so‘zlar bolalagandi. Kuni kecha ushbu mavzu yana ko‘tarildi. Gap shundaki, Botir Qodirov otalikni belgilash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan. 

Da’vogar Botir Qodirov, javobgar esa Xalq artisti Sherali Jo‘rayevning kenja o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayev. Mazkur ishni ko‘rish 15 aprel kuniga tayinlangan. Biroq javobgar vakili ish bilan tanishish uchun sudni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan. Shunday qilib, birinchi sud majlisi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Ishni fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi ko‘rib chiqdi.

Bildirilishicha, sud majlisida da’vogar vakilining ko‘rsatmasi eshitilib, guvohlarni ishga jalb etish va qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish yana 2 mayga qoldirilgan. 

Da’vo arizasiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazining 2023 yil 29 sentyabrdagi mutaxassis fikri ilova qilingan. Unda Nurmatov Xalimjon bilan Qodirov Botir Sheraliyevichning amaki-jiyan ekanligi bo‘yicha fikr berilgan.

Shuningdek, Yangiyo‘l tuman FHDYO bo‘limi tomonidan Botir Qodirovning 2008 yil 26 fevralda familiyasini “Jo‘rayev”dan “Qodirov”ga, otasining ismini “Sherali o‘g‘li”dan Sheraliyevich”ga o‘zgartirilganligi haqidagi 46-va 48-ilovalar taqdim etilgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib, Botir Qodirovning o‘zi Jo‘rayevlarni sudga berganiga Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayevning o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga uni haqoratlab qo‘ygan posti sabab bo‘lganini aytdi. 

Gap shundaki, xonanda Shohjahon Jo‘rayev o‘zining Instagram sahifasida Botir Qodirovga tegishtirib, noo‘rin so‘zlarni yozgan. Qodirovning prodyuseri Asror Isoxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu post sababli qo‘shiqchi marhum san’atkor Sherali Jo‘rayev oilasini sudga berishga majbur bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, Shohjahon Jo‘rayev bir necha oy avval Botir Qodirovga ishora qilib, quyidagicha post qoldirgan. 

"Sen bir umr xalqim, vatanim deb birovlarning g‘ami bilan yashagan bechora otangni qabrga qo‘yganingni hazm qilolmay azoblanib, berkinib yig‘lab yurganingda va uni sog‘inganingdan kiygan kiyimlarida qolgan hidlarini hidlab, u inson bilan bir soniyaga bo‘lsa ham ko‘rishish uchun butun borlig‘ingni berishga tayyor turgan bir paytda o‘zining kimligi-yu kimdanligini bilmay o‘zidan ham shubhalanib yurgan, hayotini faqat piar uchun, birovlarning e’tiborini maddohlik qilib, soxtalik bilan qozonish uchun va eng asosiysi bir paytlar (kimligi aniq bo‘lgach, ma’lum bir vaqtgacha) non berib mardlik qilgan, seni qabr ichida yotgan otangni omma oldida obro‘sizlantirib – "Nomard" deb  katta gapirgan "shoqollar" yana otangni qo‘shig‘ini aytib, o‘ynab yursalar-u, buni ko‘rib tafakkur qilmay, og‘zini ochib o‘tirgan o‘z elingdan hayron-u lol bo‘lar ekansan afsus", degan Shohjahon Jo‘rayev.

Qo‘shiqchi keyinchalik o‘chirib yuborilgan bu postini otasi Sherali Jo‘rayevning "Muxlis bevafodur", degan so‘zlari bilan yakunlagan.

Shundan so‘ng, fevral oyi boshlarida Botir Qodirov onasining sha’ni, or-nomusini  va o‘zining qadr-qimmatini himoya qilish maqsadida, otalik faktini belgilash uchun da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilgan.

Qodirov va Jo‘rayevlar o‘rtasidagi bu konfliktga  madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov salbiy munosabat bildirdi. U OAVlaridan biriga bergan intervyusida “3 ta tirrancha buyuk san’atkorni loyga bulg‘ayapti” degan fikrlarni bildirgan.

Xo‘sh, san’atkorlar o‘rtasidagi bu ziddiyat qanday yakunlanadi? Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzatib boring!


Maqola muallifi

Teglar

Sherali Jo'raev Botir Qodirov Shohjahon Jo'raev Zohirshoh Jo'raev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing