Uchta hududda jami 34 kg gashishni pullamoqchi bo‘lgan og‘ufurushlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
14:16 510 2 daqiqa
Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida katta miqdordagi gashish giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyatining chegara hududida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida 1993 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan. U qo‘shni respublika hududidan sumkaga joylangan 20 kg gashishni Norin daryosi orqali olib o‘tib, 20 metr ichkarida joylashgan daraxtlar tagiga yashirayotgan vaqtda ushlangan.
Surishtiruv ishlari davomida mazkur shaxs giyohvandlik vositasini Andijon va Namangan viloyatlarida yashovchi sheriklariga yetkazmoqchi bo‘lgani aniqlangan.
Narkojinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ushlash maqsadida tezkor tadbir Andijon viloyatida davom ettirilgan. Natijada joriy yilning 7 sentyabr kuni tungi soat 02:00 atrofida 1976 yilda tug‘ilgan fuqaro Andijon shahrida 10 kg gashish giyohvandlik vositasini qabul qilib olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Ma’lum qilinishicha, keng qamrovli tezkor tadbirlar Farg‘ona viloyatida ham davom ettirilgan. Qo‘qon shahrida gashish giyohvandlik moddasini 24 ming AQSH dollariga sotgan shaxs jinoiy harakatlari davomida qo‘lga olingan.
Shuningdek, viloyatning Beshariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1991 yilda tug‘ilgan shaxs alohida o‘ralgan to‘rt dona bo‘lakda 4 kg gashish giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan narkojinoiy harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi hamda 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 1 kilogrammdan ortiq gashishni 26 ming AQSH dollariga sotishga uringan, avval ham giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi