Uchinchi juma masjidlar bo‘sh qoldi
Jamiyat
−
03 aprel 2020
4983Xabaringiz bor, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan barcha diniy konfessiyalar tashkilotlariga mamlakatda diniy marosim va tadbirlarni vaqtincha cheklash yuzasidan tavsiya kiritildi.
16 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan og‘rigan bemorlar 6 nafarga yetdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov o‘zbekistonlik musulmonlarga murojaat bilan chiqdi.
Shu kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi yig‘ilishida mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozi o‘qilishi yuzasidan fatvo qabul qilindi.
Bugun, 3 aprel. Haftaning juma kuni. Mamlakatda masjidlar yopilganiga 18 kun to‘ldi. Uch haftadirki, juma namozlari ado etilmayapti. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilayotgan holat. Ma’lumki, Islom olamida muqaddas sanalgan al-Haram va Nabaviy masjidi ham butun dunyoda hukm surayotgan epidemiologik holat sabab yopib qo‘yilgan.
Yuqoridagi lavhada esa Toshkentdagi bo‘sh qolgan masjidlardan lavhalar aks etgan.
Jonajon Vatanimiz boshidan og‘ir kunlar tezroq arib, xalqimiz yana farovon va xotirjam turmush tarziga yetsin. Masjidlarimiz yana ibodatchilar bilan to‘lsin. Bugun duolaringizga yurtga tinchlik, xalq tashvishida o‘zini o‘qqa-cho‘g‘ga urayotgan rahbarlarga sihat-salomatlik, balo bilan kurashga kirgan shikoforlarimizga metin iroda, bemorlarimizga tezroq sog‘ayishlarini tilashni unutmang!
LiveBarchasi