Uchinchi kun Sochida qolayotgan Lukashenko Putin bilan nimalarni sirlashdi?
Olam
−
29 may 2021
7293Kecha, 28 may kuni Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Sochida uchrashgani haqida xabar bergan edik. Rossiyaning Krasnodar o‘lkasiga kelgan Lukashenko Putin bilan besh soatdan ko‘proq suhbatlashib, qolishga qaror qildi. U ertaga ham Sochida bo‘ladi.
Bugun, 29 may kuni ham muzokaralar davom etmoqda. Uning tafsilotlari to‘g‘risida Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov gapirib berdi.
Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Putin 23 may kuni qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyoti va uning bortida bo‘lgan keyinroq hibsga olingan rossiyalik Sofi Sapegi masalasini ko‘tardi. U Nexta Telegram kanalining asoschisi Roman Protasevichning yaxshi ko‘rgan qizi. Qiz ikki oyga hibsga olingan.
Ma’lum qilinishicha, Kreml rossiyalik Sofi Sapegining taqdiriga befarq emas. Shu bilan birga, Sapegining Belarusda yashash uchun ruxsatnomasi borligi eslab o‘tilgan. Putin Tashqi ishlar vazirligiga “Rossiya fuqarosi ishini o‘ta ehtiyotkorlik bilan kuzatishni” topshirgan.
Xabarga ko‘ra, Belarus tomoni Moskvaga laynerning Minskka qo‘nishi to‘g‘risida barcha ma’lumotlarni taqdim etgan va agar kerak bo‘lsa, qo‘shimcha savollarga javob berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish va pandemiyaga qarshi kurashni muhokama qilgan. Suhbat chog‘ida 500 million AQSH dollari miqdoridagi Belarus uchun kreditning ikkinchi qismi “yaqin kelajakda” manzilga yetib borishi aytilgan.
Ma’lumot uchun, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.
Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?
Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.
Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan.
Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda.
Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).
“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi.
Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.
LiveBarchasi