Uchala raqib ham o‘z mintaqasining kuchli vakillari – Islombek Ismoilov

Sport

image

U-17 Jahon chempionati qur’asi natijalariga ko‘ra O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Paragvay, Panama va Irlandiya bilan bir guruhdan joy oldi. Qur’a marosimidan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Islombek Ismoilov musobaqa va raqiblar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

“Har uchala raqib ham o‘z mintaqasining kuchli vakillari sanaladi va bu turnirga munosib tarzda yo‘l olishgan. Shu bois har bir o‘yinga alohida va puxta tayyorgarlik ko‘ramiz”, deydi murabbiy.

Uning bildirishicha, Paragvay – Janubiy Amerikaning jismoniy kuch, intizom va texnika uyg‘unligi bilan ajralib turadigan jamoasi. Ular hech qachon kurashdan chekinmaydi. Panama esa CONCACAF mintaqasida yildan-yilga o‘sib kelayotgan futbol maktabiga ega. Ularning o‘yin uslubi tezlik, qarshi hujum va yuqori pressingga asoslangan. Irlandiya klassik Yevropa futboli vakili bo‘lib, kuchli shakllangan o‘yin va intizom bilan ajralib turadi.

“Shubhasiz, guruhdagi barcha jamoalar kuchli. Bu bosqichda oson raqib yo‘q. Ammo biz ham Osiyo chempionlari sifatida ushbu musobaqada shunchaki ishtirok uchun emas, balki istalgan jamoaga qarshi raqobat ko‘rsatish, o‘z salohiyatimizni namoyon etish va yurtimiz nomini munosib himoya qilish uchun harakat qilamiz

Jamoamizda ishonch bor, so‘nggi yillarda katta tajriba orttirgan, bir qator og‘ir bahslardan o‘tgan va endi har bir o‘yinga chuqur tahlil, aniq reja hamda yuksak ruhiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Bor e’tiborimizni raqiblarni chuqur o‘rganishga, iqlim va muhitga moslashishga, shuningdek, futbolchilarimizni ruhiy va taktik jihatdan eng yuqori darajada tayyorlashga qaratamiz. Yurtimiz bayrog‘ini jahon miqyosida yuqori ko‘tarish va futbol muxlislariga quvonch ulashish biz uchun sharafdir”, deya ta’kidlaydi Islombek Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi mundialdagi ishtirokini joriy yilning 5 noyabr kuni Paragvayga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Keyingi bahs esa 8 noyabr kuni Irlandiya U-17 ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Guruhdagi so‘nggi uchrashuvni O‘zbekiston vakillari 11 noyabr kuni panamalik tengqurlariga qarshi o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Islombek Ismoilov U-17 Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing