Uch nafar o‘zbek bokschisi oltin medal uchun ringga chiqadi
Sport
−
25 aprel 2019
4443Bugun Tailand poytaxtida boks bo‘yicha Osiyo chempionatining yarim final janglari o‘tkazilmoqda. Kunning birinchi yarmida ringga chiqqan o‘zbekistonlik uch nafar bokschi o‘z bahslarida g‘alaba qozonishga erishdi.
Dastlab, -49 kg vazn toifasidagi o‘zbek charm qo‘lqop ustasi Nodirjon Mirzahmedov final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Nodirjon yarim final jangida qirg‘izistonlik Mirlan Turkbai Uuluni ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etdi.
Uning finaldagi raqibi ham ma’lum bo‘lib ulgurdi. Qozog‘istonlik Temirtas Jusupovning yarim final jangida ringga chiqa olmasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada hindistonlik Dipak jangsiz finalga chiqdi.
Mirzahmedovdan keyin -56 kg vazn toifasidagi o‘zbek bokschisi Mirazizbek Mirzahalilov filippinlik Pedres Bautistaga qarshi ringga ko‘tarildi va raqibini ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratdi.
Hozirgina 91 kg vazn toifasidagi o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Sanjar Tursunov ham o‘zining yarim final jangini o‘tkazdi. U iordaniyalik Hussayn Iashaishga qarshi ringga ko‘tarildi.
Jangda tashabbusga ega bo‘lgan Tursunov ham raqibini ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etdi va finalga yo‘l oldi. Sanjar finalda oltin medal uchun jang qiladigan uchinchi o‘zbek bokschisiga aylandi.
Ma’lumot uchun, Sanjar O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi harbiy sportchisi hisoblanadi.
LiveBarchasi