“Uch qahramon”dagi yong‘in fuqarolarga 74 mlrd so‘m zarar keltirdi

3-sahifa

image

Joriy yilning 11 avgust kuni Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Uch qahramon” bozorida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Mazkur yong‘in fuqarolarga 74 mlrd so‘mlik zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning bozor hududida tadbirkorlik qilib kelayotgan fuqarolar, shuningdek, majmua ishchi-xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti chog‘ida ma’lum qilindi.

Dastlabki ma’lumotnomaga ko‘ra, jamiyat va fuqarolarga jami 74 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 259-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ish yurituvga olingan. Yong‘inning sababi bozorga kirishda o‘ng tomonda joylashgan birinchi va ikkinchi do‘konlar orasidan o‘tgan elektr simlarida yuzaga kelgan avariya (ortiqcha yuklanish, yuqori o‘tish qarshiligi) dan deb taxmin qilingan.

Yong‘in sababini aniqlash maqsadida X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markazidan ekspertlar, yong‘in institut xodimlari va boshqa mutaxassislar ishtirokida hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, olingan ashyoviy dalillar yuzasidan sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan. Yong‘in oqibatida A blokdagi 78 ta tadbirkor (106 ta do‘kon), S blokdagi 11 ta tadbirkor (19 ta do‘kon) va Ye blokdagi 48 ta tadbirkor (56 ta do‘kon), jami 137 ta tadbirkor (181 ta tadbirkor do‘koni va 76 ta bo‘sh do‘kon) yong‘indan zarar ko‘rgan.

Joriy yilning 12-13 avgust kunlari tuman hokimi boshchiligida Jamiyat ma’muriyati tomonidan yong‘in oqibatida jabrlangan 165 ta tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini davom ettirishlari uchun bozor hududida 63 ta bo‘sh turgan do‘konlar, 125 nafar tadbirkorlik sub’ektlariga 2 oy muddatga ijara to‘lovisiz ajratib berilgan va joylashtirilgan.

Shundan:

  • 56 ta do‘konga (12 metr kvadrat) 2 tadan jami 112 ta tadbirkor;
  • 2 ta do‘konga (24 metr kvadrat) 4 tadan jami 8 ta tadbiror;
  • 5 ta do‘konga (9 metr kvadrat) 1 tadan jami 5 ta tadbirkor joylashtirilgan.

8 ta tadbirkor rad javobini berib, faoliyatini davom ettirmasligini ma’lum qildi. 4 ta tadbirkor do‘kon olish istagini bildirib, murojaat qilmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 1 martdan boshlab bu yerda metropoliten uchun zarur infrastruktura ob’ekti qurilishi boshlanadi. Bu haqda metropoliten rahbari Rahmonbek Usmonovning telefon orqali bergan izohi Zoyir Mirzayev tomonidan tadbirkorlarga yetkazilgan.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning bildirishicha, ertaga, 15 avgustdan boshlab bozorning yong‘in sodir bo‘lmagan qismidagi bo‘sh do‘konlarga yong‘in tufayli zarar ko‘rgan tadbirkorlar ko‘chib o‘tishni boshlaydi. Bozor faoliyat esa 17 avgustdan boshlanadi.

“Men bozor faoliyati tiklangan kuni yana kelaman va har bir tadbirkor bilan yana muloqot o‘tkazaman. Bozor hududidagi tadbirkorlar orasidan vakillar tanlanadi va ular ishtirokida do‘konlar uchun joylar adolatli taqsimlash nazorat qilinadi”, deydi hokim.

Viloyat prokurori Azamat Mirzayevga ko‘ra, holat tafsilotlarini aniqlash, huquqiy baho berish maqsadida 40 nafar tergovchilar guruhi jalb etilgan va bozor hududida sayyor shtab tartibida tezkor surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Uch qahramon Uch qahramon bozori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing