“U yerda afg‘onlar bo‘lmagan”. Baydenning Afg‘oniston pullarini tarqatish qarori tanqidlarga sabab bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, AQSH Prezidenti Jozef Bayden Afg‘onistonning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi ortidan mamlakatning muzlatilgan pullarini qaytarish haqidagi hujjatga imzo chekkandi.  

Unga ko‘ra, AQSH tomonidan muzlatilgan pullardan ajratilayotgan 7 milliard dollar atrofidagi mablag‘ning yarmi ocharchilikdan aziyat chekayotgan afg‘on halqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun ajratiladi.

Qolgan yarmi esa, 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkda uyushtirilgan 9/11 terroristik hujum oqibatida qurbon bo‘lgan amerikaliklarning oila a’zolariga kompensatsiya tariqasida tarqatiladi.

Biroq Baydenning ushbu qarori ko‘plab taniqli bloger va jurnalistlarning tanqidiga sabab bo‘lmoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikrlarini bayon qilyapti. Quyida ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz: 

Britaniya-Amerika siyosiy jurnalisti Mehdi Hasan:

“Bu qanchalik g‘alati ekanligini so‘z bilan tasvirlab bera olmayman. Afg‘onlar ochlikdan o‘lmoqda, bu hammasi “ularning” puli. 11 sentyabrda o‘sha 4 ta samolyotning birortasida ham afg‘on bo‘lmagan. 15 nafar Saudiya Arabistoni, shuningdek, Misr, Amirliklar, Livan fuqarolari bo‘lgan. Agar kerak bo‘lsa, o‘sha mamlakatlardan pul oling”.

Amerikaning MSNBC telekanali boshlovchisi Ayman:

“Buni 11 sentyabrda Amerikaga hujum qilgan 19 nafar o‘g‘ridan boshqa kim eshitishi kerakligini bilmayman. U yerda afg‘onlar yo‘q edi. Ulardan 15 nafari Saudiya Arabistoni, 2 nafari Amirliklar, 1 nafari Misr va 1 nafari Livan fuqarosi edi. Rejalashtirganmi? U saudiyalik edi. Bu mamlakatlarning hech biri bir tiyin ham to‘lamagan, ammo negadir kambag‘al afg‘onlar endi to‘lashi kerak”.

“The Intercept” Amerika notijorat yangiliklar tashkiloti muxbiri Murtaza Hussayn:

“Bu haqiqat ekanligiga ishonmasdim, lekin press-reliz bor. Bayden ma’muriyati Afg‘onistonning moliyaviy zaxiralarini samarali ravishda musodara qilmoqda. Agar Tramp (AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp — tahr.) buni qilganda, bu uning butun prezidentlik davrida qilgan eng g‘azabli va yovuz tashqi siyosati bo‘lar edi. Deyarli tushunarsiz”.

2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda boshqaruv “Tolibon” tomonidan egallab olinishi ortidan, xalqaro tashkilotlar va moliya jamg‘armalari Afg‘onistonga tegishli bo‘lgan 10 millard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni muzlatib qo‘ygan. Ushbu mablag‘larning 7 millard dollar atrofidagi qismi AQSHda saqlanayotgan edi.

Hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” AQSH va xalqaro tashkilotlardan Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini afg‘on xalqiga qaytarishni talab qilib kelyapti. “Tolibon” pullarni qaytarish va afg‘on xalqiga ko‘rsatib kelingan gumanitar yordamlarni yana qayta yo‘lga qo‘yish borasida BMT va AQSH hukumati bilan bir necha bor muzokaralar olib borgan. 

BMTga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatning 95 foiz aholisi jiddiy ocharchilikni boshidan kechirishi taxmin qilinmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, 2001 yilning 11 sentyabr kuni AQSHda bir qator terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan. Buning ortida esa “Al-Qoida” turgan edi. O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarayotgan “Tolibon” “Al-Qoida”ning rahbari Usama ben Lodenga mamlakatda boshpana bergan va uni G‘arb kuchlariga topshirishdan bosh tortgandi. Bunga AQSH boshchiligidagi NATO kuchlari 20 yillik Afg‘onistondagi urush bilan javob qaytardi: 2001 yilda “Tolibon”ni hokimiyatdan ag‘dardi, 2011 yilda Usama ben Lodenni yo‘q qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Bayden

Baholaganlar

286

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing