U SSSRning KGBsi kabi bo‘lishi kerak – Japarov MXDQ haqida

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakatda kuch ishlatar tuzilmalar bo‘yicha keng qamrovli islohot tayyorlanayotganini, xususan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasini (MXDQ) yopiqroq tuzilmaga aylantirishni rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Kabar” nashriga bergan intevyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, mamlakatda 2027 yilda katta isloxot boshlash rejalashtirilgan. MXDQ endi barcha sohalarga aralashmaydi. Maxsus xizmat o‘zining bevosita vazifalari – razvedka, qarshi razvedka, terrorizm, ekstremizm va giyohvandlikka qarshi kurash, shuningdek, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Iqtisodiyotga aralashishiga chek qo‘yiladi.

Japarov so‘nggi paytlarda MXDQ xodimlari xizmat guvohnomasini istalgan joyda ko‘rsatib, idora obro‘siga putur yetkazayotgani haqidagi tanqidlardan xabardor ekanini aytgan va bu masalada avval ham sobiq rahbar Qamchibek Tashiyevni ogohlantirganini bildirgan. 

“Do‘stim, MXDQ nufuzini ko‘tar. U SSSRning KGBsi (Komitet gosudarstvennoy bezopasnosti – Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) kabi obro‘li bo‘lishi kerak. Aks holda, xodimlar hatto kichik savdo joylarida ham guvohnomasini ko‘rsatgan holatlar bor. Bunday tanqidlardan qutulishimiz kerak. 

Intim xizmatlarga qarshi kurash haqidagi video e’lon qilingan kunning o‘zidayoq uni (Tashiyevni) chaqirib, do‘stim, bu sohani Ichki ishlar vazirligiga topshir, bu ularning ishi. MXDQ darajasini tushirma ”, deganini aytgan Prezident. 

Bundan kelib chiqadiki, Japarov MXDQ yopiqroq tuzilmaga aylantirishi mumkin, toki u yerda kim ishlayotgani va nima bilan shug‘ullanayotgani oshkora bo‘lmasin.

Mazkur islohotni 2027 yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitidan so‘ng boshlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sadir Japarov tergov tizimini IIV va MXDQdan ajratish maqsadida alohida Tergov qo‘mitasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. 

Prezident hozirda tezkor xodimlar ham, tergovchilar ham bir rahbariyatga bo‘ysungani sababli nohaqliklar yuzaga kelishi mumkinligini qayd etgan. Davlat rahbari bunga misol keltirar ekan, agar tergovchi ish puxta emasligini yoki soxtalashtirilganini ko‘rsa ham “yuqoridan” berilgan ko‘rsatma tufayli uni qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Yangi Tergov qo‘mitasi to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadi va asosiy tergov vakolatlari ushbu qo‘mitaga o‘tkaziladi, prokuratura esa qonuniylik ustidan nazoratni amalga oshiradi. 

Japarovning ta’kidlashicha, bu islohot jinoiy ishlar bo‘yicha adolatsizliklarni kamaytirish va fuqaro huquqlarini yaxshiroq himoya qilish uchun zarur. 

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Japarov mamlakatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymasligini aytgandi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston SSSR Sadir Japarov MXDQ

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing