U ortiq kansler emas. Merkelning vakolat muddati tugadi
Olam
−
26 Oktabr 2021
5191Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer kansler Angela Merkel va uning kabinetini rasman ishdan bo‘shatdi, biroq uning hukumati yangi vazirlar mahkamasi shakllanmaguncha hokimiyatda qoladi.
Shtaynmayer 26 oktyabr kuni Merkelga hukumat rahbari sifatidagi muddati tugagani haqidagi bildirishnomani topshirdi. Prezident, shuningdek, vitse-kansler Olaf Shols, hukumat vazirlari va Germaniya Federativ Respublikasi kansleri devoni vaziri Xelge Braunga vakolatlari tugatilganligi to‘g‘risidagi bildirishnomalarni topshirgan.
Qayd etish kerakki, Prezident o‘z nutqida Merkelni Germaniya tarixidagi muhim shaxs deb atab, unga hukumat rahbari sifatidagi ko‘p yillik faoliyati uchun minnatdorchilik bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Merkel kansler lavozimiga ilk bor 2005 yilning noyabrida saylangan edi. U 2018 yildayoq Xristian Demokratik Ittifoqi (XDI) partiyasi rahbarligidan iste’foga chiqib, kansler sifatidagi to‘rtinchi muddati tugagach, siyosatdan ketishini e’lon qilgandi.
Joriy yilning 26 sentyabr kuni Germaniyada mamlakat parlamenti – Bundestagga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (SDP) 25,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Ushbu partiya yetakchisi Olaf Shols Angelaning lavozimiga asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 oktyabr kuni germaniyalik haykaltarosh Vilgelm Kox mamlakat kansleri Angela Merkelning otliq haykalini yasab, omma e’tiboriga namoyish qildi.