Xayr, “Germaniya onasi”. "Temir frau” 16 yil Germaniya va Yevropa uchun nimalar qildi?
Tahlil
−
06 Oktabr 2021
16377“Angela Merkelning 16 yil davomida Federativ respublikani boshqarganiga qoyil qolish kerak, u Yevropaning eng katta va yetakchi mamlakatlaridan biriga ishonch bilan rahbarlik qilmoqda. Merkel Yevropa hamda jahon yetakchilari orasida eng obro‘li rahbarlardan biri”.
Rossiya Ferderatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin
Kuni kecha e’lon qilingan “Ruhoniy oilasidan chiqib, kansler bo‘lgan Merkel yoxud ijarada yashaydigan “Germaniya onasi”, nomli maqolamizda Germaniya kansleri Angela Merkelning bolalik yillari va siyosatdan tashqaridagi ajoyib hayoti haqida ma’lumot bergan edik.
Bugungi maqolamida ushbu mavzuning mantiqiy davomi sifatida Germaniya kansleri Angela Merkel “temir frau”ning 21 yillik siyosiy faoliyati va undagi o‘nqir-cho‘nqirlar haqida so‘z yuritamiz. Shu o‘rinda, Merkel va Putin o‘rtasidagi munosabatlar, 2008 yil bo‘lib o‘tgan jahon moliyaviy inqirozi davrida Merkel qo‘llagan taktika, 2014 yilda Ukrainada ro‘y bergan mojarolarda Merkelning roli haqidagi mavzularga ham to‘xtalib o‘tamiz.
Siyosiy faoliyatning boshlanishi
1989 yil 9 noyabr kuni Berlin devori qulagandan so‘ng, ikkiga bo‘linib ketgan Germaniya birlashdi. Shundan so‘ng, mamlakatda yangi partiyalarning shakllanish jarayoni boshlandi. O‘sha vaqtda, Merkel yangi tashkil topgan Demokratik yutuqlar partiyasiga a’zo bo‘ladi. 1990 yilda “temir frau” partiya raisi Volfgang Shnurning yordamchisi etib tayinlanadi. Keyinchalik, Merkel matbuot kotibi lavozimini egallaydi.
1990 yilda Demokratik yutuqlar partiyasi, Xristian Demokratik Ittifoqi tarkibiga qo‘shilib ketdi. 1990 yil 2 dekabr kuni Merkel Bundestag (Germaniya parlamentining quyi palatasi)ga o‘tkazilgan birinchi umumgerman saylovida o‘z okrugida 48,5 foiz to‘plab, deputatlikka saylanadi.
1990 yilda Merkel Bonndagi federal kansler ofisiga taklif qilindi. U o‘sha vaqtdagi kansler Gelmut Kol bilan uchrashdi. Kutilmaganda Kol Merkelni yoshlar hamda ayollar masalalari bo‘yicha vazir lavozimiga tayinlaydi. Yillar davomida Merkelning obro‘si Gelmut Kolning ishonchi sabab yuksalaverdi. Ayrim siyosatchilar unga “Kolning qizi”, degan laqab berishdi. 1994 yilda o‘tkazilgan navbatdagi parlament saylovida Gelmut Kol g‘alaba qozondi. Kol “o‘z qizini” 1994 yilda atrof-muhitni muhofaza qilish federal vaziri etib tayinladi.
Angela Merkel 1998 yilda XDIning bosh kotibi, 2000 yilda esa partiya va Bundestagdagi parlament guruhi raisi lavozimlarida ish yuritdi. Merkel kanslerlik kursi tomon qadamba-qadam yurib borar edi. 1999 yilning noyabr oyida Gelmut Kolning partiyasida noqonuniy moliyalashtirish bilan bog‘liq janjal chiqdi. Shu vaqtda yosh Merkel “o‘z otasini” tanqid toshlari bilan siyladi. Tabiiyki, bu tanqid partiya rahbarlariga yoqmaydi va uni “uydan chiqqan xoin”, deb atab, partiyadan quvishadi.
2000 yilda federal kengash Gelmut Kolni partiyaning faxriy raisi lavozimidan ketishini talab qildi. Kol partiyaning faxriy raisi lavozimini tark etdi. 2003 yilgi parlament saylovida XSI g‘alaba qozondi. Bundesrat (Germaniya Federativ Respublikasining qonun chiqaruvchi organi)da XSI vakillarining ko‘payishi Angela Merkelga muxolif partiyada mamlakat boshqaruvida ishtirok etishiga imkon berdi. Muxolifatdagi yillari davomida Merkel XSIda tartib o‘rnatdi.
Merkelning birinchi hukumati
2004 yilda federal kansler Gerxard Shryoder Germaniya sotsial-demokratik partiyasi raisi lavozimidan iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini Frans Myuntefering egalladi. Bundan foydalanib muxolif partiya Germaniya Prezidentidan hukumatni iste’foga chiqarib, muddatidan avval saylov o‘tkazishni talab qildi. Natijada, Germaniya Federativ Respublikasi tarixidagi eng qisqa oraliqdagi saylov bo‘lib o‘tdi. XSI partiyasi kanslerlik nomzodiga Merkelni, XDP esa Shryoder nomzodini ko‘rsatdi. Saylovlar yakuniga ko‘ra, Angela Merkel 35,2 foiz, Shryoder esa 34,4 foiz ovoz oldi. Bu kichik farq mamlakatda og‘ir siyosiy vaziyatni yuzaga keltirdi. Bunday kichik farq bilan hech bir partiya hukumat tuza olmas edi.
2004 yilning oktyabr oyida kanslerlik lavozimiga nomzodini qo‘ygan Shryoder rahbarlik da’vosidan voz kechdi, Natijada tarixda ilk bor Germaniya hukumatini ayol kansler Angela Merkel boshqarishi ma’lum bo‘ldi. Noyabr oyida Bundestag Angela Merkelni Germaniya Federativ Respublikasining kansleri lavozimiga tasdiqladi.
Islohotlar
Merkel o‘z muddatining ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan sakkiz bandli dasturini taqdim etdi. Unda federal tizimni isloh qilish, byurokratiyaga qarshi kurashish, ilmiy tadqiqotlar, energiya, moliya, sog‘liqni saqlash tizimini qaytadan isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari ko‘rsatilgan edi. Bu islohotlar qisqa muddatda o‘z samarasini berdi. Xususan, mamlakatda ishsizlar soni kamaydi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar asta-sekin ko‘tarildi. 2006 yilda Germaniya yalpi milliy mahsulot miqdori bo‘yicha Yevropada birinchi, jahonda uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Yalpi milliy mahsulot miqdori – 1 trillion, 950 milliard dollar: jon boshiga – 30150 dollarga yetdi. 2008 yilda yillik o‘sish 2,8 foizni tashkil etdi. Bu o‘sish bevosita Merkelning islohotlari bilan bog‘liq edi. Hozirgi kunda jahon sanoat mahsulotining 6,8 foizi Germaniyaga tegishli.
2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy inqirozi vaqtida Merkel birgina Germaniyani emas, balki butun Yevropani qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Chunki, “temir frau” Yevropa Ittifoqida Germaniyaning obro‘sini oshirmoqchi edi. Kansler xonim inqiroz vaqtida bosiqlik bilan ish tutib, mamlakatdagi ijtimoiy sarf-xarajatlarni kamaytirdi. Buning natijasida vaziyat barqarorlashdi.
“Forbes” jurnali Angela Merkelni 2006, 2007 va 2008 yillarda “dunyodagi eng qudratli ayol”, deb topdi, 2006-2007 yillarda “Time” jurnali Germaniyaning federal kanslerini dunyoning eng nufuzli 100 kishisi ro‘yxatiga kiritdi. 2009 yilgi parlament saylovida Merkel partiyasi 49,4 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi va Angela Merkel kanslerlik lavozimida qoldi.
Tashqi siyosat
Angela Merkel 16 yil davomida Germaniya hukumatiga rahbarlik qildi. Bu davri oralig‘ida kansler jahonda yuz beragan mojarolarga bosiqlik bilan munosabat bildirdi. Xususan, 2010 yildagi Gretsiya inqirozi vaqtida juda ko‘plab nemis moliyachilari va tadbirkorlari Gretsiyani yevro hududidan chiqarib yuborishni istashadi. Ammo, Merkel Gretsiyani saqlab qolish uchun harakat qildi.
U 2011 yilda boshlangan Suriyadagi fuqarolar urushi natijasida yuzaga kelgan qochqinlar masalasini hal etdi. Kansler xonim muhojirlarga Germaniyada qolishi uchun nemis tilini o‘rganish kerakligini ta’kidladi. 2014 yilda Qirim mojarosi vaqtida Rossiyaga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llagan bo‘lsa-da, Kreml bilan aloqani sovuqlashtirmadi.
“Temir frau” kanslerlik davrida Germaniyaning Yevropadagi o‘rni yuksaldi. 2008 yildagi inqiroz vaqtida Germaniya Yevropani inqirozdan chiqishi uchun rahbarlik yukini o‘z zimmasiga oldi. Merkel Yevropa Ittifoqdagi inqirozdan qiynalgan davlatlarga yordam qo‘lini cho‘zdi. Bu esa Germaniyaning yevrohududdagi obro‘sini oshirdi.
Merkel Putinga qanchalik ishongan?
2002 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Germaniyaga tashrif buyuradi va Bundestagda nutq so‘zlaydi. Rossiya rahbari sovuq urush davridan keyingi yangi dunyo haqida gapirayotgan bir vaqtda Merkel yonidagi odamga shunday pichirlaydi: “Tipik KGBchining odatiy nutqi. Bu yigitga ishonish kerak emas”.
Angela Merkel hokimiyat tepasiga kelganida siyosatchilar Germaniya Moskva bilan qanday aloqada bo‘lishi haqida ikki xil taxmin qilishgan:
• Merkel bolalik yillarini GDRda o‘tkazgani uchun ayrim siyosatchilar “u sotsialistik tartibdan nafratlanadi va Rossiyaga ishonmaydi”, deb taxmin qilishgan;
• ikkinchi taxmin birinchi taxminning aksi edi. Ya’ni bir guruh ekspertlar “Merkel rus tilini yaxshi biladi, shuning uchun Putin bilan tezda til topishadi” deb o‘ylashgan.
Bu ikki taxmin ham o‘zini ozmi-ko‘pmi oqladi. Angela Merkel Germaniya hukumatini egallaganidan so‘ng, Germaniya-Rossiya munosabatlarida hech qanday alohida o‘zgarishlar bo‘lmadi. Ilk yillarda Merkel ko‘proq Rossiyaga shubha bilan qaradi. U o‘zidan oldingi kansler Gerxard Shryoder davridagi Rossiya bilan kelishuvlarni rad etmadi. “Temir frau” tashqi siyosatda biroz AQSH bilan yaqinlashdi. Biroq, Merkel AQSH Prezidenti Barak Obamaning Sharqiy Yevropada raketalarga qarshi mudofaa tizimini qurish rejasini inkor etdi.
2014 yilda Rossiya Qirimni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi Germaniya-Rossiya munosabatlarini keskinlashtirdi. Merkel Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini ma’qullamasligini bildirdi. Germaniya kansleri G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatladi va keyinchalik ularning muddatini uzaytirdi, Germaniy va Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasining hajmi yildan-yilga kamayib bordi. 2014 yilda Germaniy-Rossiya o‘rtasidagi tovar aylanmasi 67,7 mlrd yevroni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich, 2015 yilda 51,5 mlrd yevroga, 2016 yilda 48,0 mlrd yevroga kamaydi. 2020 yilda Germaniya-Rossiya tovar ayirboshlash hajmi 2005 yilga qaraganda eng past natija – 45 milliard yevroni tashkil etdi.
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy zaharlanganida Angela Merkel unga himoya va davolanish uchun sharoit yaratishga tayyorligi bildirdi. Navalniy Germaniyaga olib kelingan vaqtda uni ko‘rgani Merkelning o‘zi shifoxonaga bordi.
Nima bo‘lmasin, qanday gaplar tarqalmasin Merkel Putin bilan aloqlarni sovuqlashtirmadi. 2021 yilning avgust oyida Angela Merkelning kansler sifatida so‘nggi safari Rossiyaga bo‘ldi va u Kremlda Putin bilan uchrashdi. Rossiya Prezidenti “temir frau”ni guldasta bilan kutib oldi. Ikki davlat rahbarlari Afg‘oniston va Rossiya gazining tranziti masalasi bo‘yicha kelishib olishdi. O‘sha uchrashuvda Putin 2024 yildan keyin ham Rossiya gazini Germaniyaga sotishga tayyorligini aytdi.
Hozirda dunyodagi yuzlab nashrlar va tahlilchilar Merkel davri yakunlarini sarhisob qilmoqda. Germaniyada o‘tayotgan parlament saylovlarining dastlabki natijalariga ko‘ra, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) 25,7 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonmoqda.
Merkel 16 yil davomida Germaniyaga rahbarlik qildi. U Germaniya tarixidagi ilk ayol rahbar. Hozircha uning o‘rnini kim egallashi va u qanday siyosat olib borishi mavhum.
Ma’lumot uchun, Germaniya tarixidagi eng ko‘p vaqt kanslerlik qilgan shaxs Otto fon Bismark bo‘lib, u 19 yil davomida mamlakatni boshqargan.
LiveBarchasi