“U qassob”. Bayden Putinni yana haqoratladi
Olam
−
26 mart 2022
13137AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya rahbari Vladimir Putinni “qassob” deb atadi. Bu haqda u Polsha-Ukraina chegarasida ukrainalik qochqinlar bilan uchrashuvda aytgan.
Qayd etilishicha, Polsha va Ukraina chegarasidagi ukrainalik qochqinlar lageriga tashrif buyurgan jurnalistlardan biri Baydendan qo‘shni davlatda sodir bo‘layotgan voqealar fonida Putin haqida qanday fikrda ekanligini so‘ragan.
"U qassob, men shunday deb o‘ylayman", deb javob bergan Bayden.
AQSH Prezidentining nutqi aks etgan videorolikni CNN telekanali namoyish qilgan.
Kreml esa ushbu haqoratga darhol munosabat bildirdi:
“Baydenning Putinga nisbatan yangi haqoratlari Rossiya Federatsiyasi va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash imkoniyatlarini yanada toraytirmoqda. Yugoslaviyani bombardimon qilishga va odamlarni o‘ldirishga chaqirgan Baydendan Putinga qarshi ayblovlarni eshitish g‘alati”, deydi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Jo Bayden Polsha-Ukraina chegarasiga tashrifi chog‘ida ikkinchi bor Vladimir Putinni harbiy jinoyatchi deb atagandi.
Bayden bu atamani birinchi marta 16 mart kuni Rossiya yetakchisiga nisbatan ishlatgandi. U Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda shunday bayonot bergan. “Fox News” muxbiri Amerika yetakchisidan Putinni harbiy jinoyatchi deyishga tayyormisiz, deb so‘raganida, Bayden avvaliga salbiy javob bergan va xonani tark etgan. Biroq, u keyin qaytib kelib, “U harbiy jinoyatchi”, deb javobini o‘zgartirgan. Ertasi kuni u Putinni “qotil diktator” va “bandit” deb atagan.
RF Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bayden Putinga nisbatan haqoratga o‘tayotganini ta’kidlab, Kreml bunga munosabat bildirmasligini qo‘shimcha qilgan. Har qanday munosabat Bayden tomonidan bildirilayotgan yanada dahshatli ayblov bilan qarshilashishi qayd etilgan.
Shuningdek, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putin dono siyosatchi bo‘lgani uchun AQSH Prezidenti Jo Baydenning o‘zi haqidagi nomaqbul bayonotlariga javob qaytarmayapti.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Baydenning Putinga qarshi ayblovlari AQSH-Rossiya munosabatlarini jar yoqasiga keltirib qo‘ygani haqida ogohlantirdi. Tashqi ishlar vazirligi bunday bayonotlar qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15