Twitter’ga yangi rahbar tayinlandi. Mask o‘rnini kimga bo‘shatdi?

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi NBSUniversal media korporatsiyasining sotuvlar bo‘yicha sobiq direktori Linda Yakkarino Twitter’ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda Ilon Mask o‘z Twitter sahifasida post qoldirdi.

“Men Linda Yakkarinoni Twitter’ning yangi bosh direktori sifatida kutib olishdan xursandman! Linda asosan biznes operatsiyalariga e’tibor qaratadi, men esa mahsulot dizayni va yangi texnologiyalarga ahamiyat beraman. Linda bilan platformani universal ilovaga aylantirish uchun hamkorlik qilishni orziqib kutaman”, deya post qoldirgan Ilon Mask.

Ma’lumot uchun, Linda Yakkarino 1963 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. 1985 yilda u Pensilvaniya universitetini tamomlagan. U media industriyasidagi faoliyatini NBSUniversal’ning media rejalashtirish bo‘limida stajyor sifatida boshlagan. Dastlab u savdo, kabel televideniyesi va raqamli reklama, 2012-2020 yillarda esa reklama va mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2020 yilda u global reklama bo‘limida hamkorlik bo‘yicha direktor bo‘lgan. Linda Superkubok va Olimpiada kabi yirik sport tadbirlarining translyatsiyalarini nazorat qilib, Snapchat, Youtube, Twitter kabi yirik texnologiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilgan. Linda kecha, 12 may kuni Twitter’ning yangi rahbari etib tayinlangunga qadar NBSUniversal media korporatsiyasining sotuvlar bo‘yicha sobiq direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Biroz avval Ilon Mask Twitter bosh direktorligidan ketishini ma’lum qildi. Biroq aynan kim bosh direktor bo‘lishi haqida gapirmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning oktyabr oyida amerikalik milliarder Ilon Mask Twitter’ni sotib olish bo‘yicha 44 milliard dollarlik kelishuvni yakunlab, ijtimoiy tarmoq rahbariga aylangan edi.

Maskning Twitter boshqaruviga kelishi kompaniyada bir nechta tartibsizlikni keltirib chiqardi. U ijtimoiy tarmoqni xarid qilishi bilan top-menejerlarni ishdan bo‘shatdi va o‘rniga boshqalarni tayinladi. Bundan tashqari, kompaniya ishchilari 50 foizga qisqartirildi.

Shuningdek, Ilon Mask Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq Prezidenti Donald Trampning Twitter’dagi hisobini qayta tikladi. Trampning hisobini tiklash Mask Twitter’ning siyosatini keskin o‘zgartirganini anglatadi. Albatta, Maskning harakatlari Twitter’da reklama beruvchilarda ham xavotir uyg‘otdi. Biroq va Apple’ning Twitter’da reklama berishni davom ettirish qarori mutlaq yutuq bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Twitter Ilon Mask Linda Yakkarino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing