Twitter asoschilaridan biri internetsiz ishlaydigan messenjer ishlab chiqdi
Texnologiya
−
29 iyul 3826 2 daqiqa
Twitter asoschilaridan biri Jek Dorsi ishlab chiqqan va internet tarmog‘isiz ishlay oladigan Bitchat Mesh nomli messenjer AppStore’da paydo bo‘ldi. Ushbu ilova foydalanuvchilar o‘rtasidagi ulanishni faqat Bluetooth orqali amalga oshiradi va internetga umuman muhtoj emas. Bu haqda “9to5Mac” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bitchat Mesh o‘zini markazlashmagan va maxfiylikni ustuvor qo‘ygan yechim sifatida taqdim etmoqda. Ilova ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydi, serverlardan foydalanmaydi, telefon raqami yoki elektron pochta manzilini so‘ramaydi, xabarlarni saqlamaydi va foydalanuvchi ma’lumotlarini yig‘maydi. Ishga tushirilgan zahoti foydalanuvchiga tasodifiy taxallus beriladi, uni keyinchalik o‘zgartirish mumkin. Muloqotni boshlash uchun chapga surish (swipe) yoki “Foydalanuvchilar” ikonkasini bosish kifoya. Shundan so‘ng yaqin atrofdagi tengma-teng (peer-to-peer) tarmoqqa ulangan qurilmalar ro‘yxati chiqadi.
Bitchat’dagi xabarlar yakuniy (end-to-end) shifrlash asosida himoyalangan. Ilovaning o‘ziga xos jihati – tarmoqni uzatuvchi (retanslyator) qurilmalardan foydalanishidadir: xabarlar bitta qurilmadan boshqasiga uzatilib, internet tarmog‘isiz mesh-tarmoq hosil qiladi. Biroq xabar almashish uchun ikkala foydalanuvchi Bluetooth doirasida bo‘lishi yoki xabar oraliq foydalanuvchilar orqali uzatilishi kerak.
Ilovada “vahima rejimi” ham mavjud – bu funksiyani faollashtirish uchun ilovadagi barcha ma’lumotlarni uch marta ketma-ket bosish orqali zudlik bilan o‘chirish mumkin. Bitchat’ning hajmi bor-yo‘g‘i 2 MB bo‘lib, u internet cheklangan joylarda, masalan, metro yoki samolyot bortida ishlatish uchun ayni muddao.
Jek Dorsi maqola chop etilgan paytda iOS versiyasida Android qurilmalariga ulanishga to‘sqinlik qilayotgan xatolik borligini tasdiqlagan, bu xatoni tuzatish uchun yangilanish allaqachon Apple’ga yuborilgan. Shuningdek, messenjerning ochiq manba kodi (open-source) GitHub’da e’lon qilingan.
Live
Barchasi