Tuzilganiga 1 oy bo‘lgan Hukumatda qator o‘zgarishlar bo‘ldi
Jamiyat
−
25 fevral 2020
10840Kecha, 24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi tarkibida bir qancha lavozimiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, 2019 yilning fevral oyidan buyon Bosh vazir o‘rinbosari — Moliya vaziri sifatida ishlab kelayotgan Jamshid Qo‘chqorov Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga tayinlangan. Uning o‘rnini birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov egallagan.
Shu vaqtgacha Iqtisodiyot va sanoat vaziri bo‘lgan Botir Xo‘jayev Bosh vazirning sanoat va kooperatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.
Bundan tashqari, Nodir Otajonov Bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod qilingan. Biroq “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisi lavozimini saqlab qolgan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ham lavozimini tark etgan. Uning o‘rnini 2017 yilning may oyidan buyon O‘zbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev egallagan. Qayd etish kerak, Ilhom Ne’matov faoliyatini TIV rahbarining o‘rinbosari sifatida davom ettiradi.
Hozircha bu o‘zgarishlar rasman tasdiqlanmagan. Hukumat tarkibidagi lavozimiy o‘zgarishlarning sababi ham noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkmasining tarkibi parlamentga o‘tkazilgan saylovlardan keyin qayta shakllantirilib, joriy yilning 24 yanvarida Prezident tomonidan tasdiqlangandi.
LiveBarchasi