To‘yni to‘ydek qilib berishdi – Ortiqxo‘jayev birinchi marta OAVga rahmat aytdi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, Toshkent shahar hokimiyati tashabbusi bilan 21 maydan buyon poytaxt markazida katta shaharcha barpo etilib, 5 tashabbus harakati festivali o‘tkazilyapti. Tadbirning ilk kunida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yoshlar festivaliga 1 mlrd so‘m ajratilganini aytgandi.

Bugun, 25 may kuni tadbirning beshinchi kunida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirdi.

“Ommaviy axborot vositalari vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. To‘yimizni buzishmadi, aksincha, to‘yni to‘ydek qilib berishdi. Sabrli bo‘lishganiga rahmat. Endi, festivaldan keyin, qancha tanqid qilishsa ham roziman. Shaxsiyatga tegmagan holda bemalol tanqid qilaveringlar, tanqidni ko‘taramiz. Barchangizga qo‘llab-quvvatlaganingiz, festivalni yoritib berganingiz uchun ming rahmat”, dedi hokim Ortiqxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev mazkur festival ochilishi oldidan bu tadbirni yoshlar uchun to‘ydek qilib o‘tkazish kerakligini qayd etib, OAV vakillariga murojaat qilib, shunday degandi:

“OAV vakillari va blogerlarga iltimosim shuki, agar qayerdadir kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, saytlarda aylantirmay o‘zimizga aytishsa, zudlik bilan muammoni bartaraf qilamiz. Shuncha mehnatdan keyin ham faqat tanqidlar bo‘laversa, keyinchalik ham mana shunaqa tadbirlarni o‘tkazishga ishtiyoqimiz yo‘qolib qoladi”, degan edi.

Ma’lumot uchun, “Toshkent Besh tashabbus harakati” festivali 21 maydan beri davom etyapti va bugun yakunlanadi. Festival doirasida 21 maydan 25 mayga qadar madaniy va intellektual tanlovlar, sport musobaqalari, mediatreninglar, mashhurlar bilan uchrashuvlar va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

119

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing