To‘ylarni Ichki ishlar xodimlari nazorat qiladimi? Norboyeva aniqlik kiritdi

Jamiyat

“Bu odamlarning hayotiga aralashish emas. Hozirgina ijtimoiy tarmoqni ochib ko‘rganimda, endi to‘ylarni ichki ishlar xodimlari nazorat qilar ekan, degan mutlaqo noto‘g‘ri tushunchalarga ko‘zim tushdi. Senatorimiz tomonidan berilgan takliflarni boshqacha talqin qilish holatlari ham bo‘lyapti”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Senatning yigirma ikkinchi yalpi majlisida. 

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror muhokama qilindi. Muhokama davomida to‘ylarni restoranlarda ichki ishlar xodimlari nazorat qilib borishi bilan bog‘liq taklif o‘rtaga tashlandi. Biroq, ushbu taklif hujjatga kiritilgani yo‘q, aksincha, Norboyeva va senator Farrux Dadaxodjayev tomonidan rad etildi.  

Tanzila Norboyeva ushbu masalani Senat yalpi majlisida ham o‘rtaga tashladi. 

“Hech kim birovning hayotiga aralashmaydi. Oilaviy tadbir bo‘ladimi yoki to‘y-hashammi, bu o‘sha oilaning shaxsiy ishi. Lekin uni tartibli o‘tkazish, ortiqcha dabdabalarga yo‘l qo‘ymaslik, odamlarning tinchligi, xotirjamligiga halal bermaslik, yoshlarimizning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik bu, albatta, butun jamiyatning ishi. Shuning uchun ichki ishlar xodimlari to‘y marosimlaridani hech qachon nazorat qilmaydi. Yoki mahalladagilar to‘yxonaga kirib olib, unday qilasan, bunday qilasan, deb aytmaydi. Qarorda ichki ishlar xodimlari qanday tadbir bo‘lishidan qat’i nazar, u to‘y bo‘ladimi yo konferensiya bo‘ladimi, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha mas’uliyati haqida so‘z bormoqda. Shu nuqtayi nazardan ularning mas’uliyati oshirilyapti.

Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining mas’uliyati ham oshirilyaptiki, avval mahallaning obro‘-e’tibori qanchalik yuqori darajada edi, albatta, mana shunday marosimlarni o‘tkazishda bizning milliy urf-odatlarimiz qanday bo‘lishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini oilalarga berib boradilar”, deydi Norboyeva. 

2018 yilda Senat tomonidan muhokamaga qo‘yilgan to‘ylar haqidagi qaror loyihasi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik qaror qabul qilinmadi. Tanzila Norboyeva qabul qilingan navbatdagi qaror haqida gapirarkan, u faqat va faqat oialalar iqtisodiy barqaror bo‘lishiga qaratilganini isbotlashga urinadi:

“Men aniqlik kiritmoqchi edim. Chunki har xil talqin boshlanib ketishi mumkin. Bizning bu qarorimizga odamlarimizning, oilalarimizning iqtisodiy ahvolini  yaxshilashga xizmat qiladigan normalar kiritilyapti. Bu masala yoshlarimiz tomonidan ham to‘liq qo‘llab-quvvatlanyapti”.

Tanzila Norboyevaning Senatning yigirma ikkinyai yalpi majlisidagi to‘liq nutqi videosini QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva to'y

Baholaganlar

94

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing