To‘ydagi tort kesish marosimi o‘lim bilan tugadi
3-sahifa
−
17 yanvar 2023
75498Qashqadaryo viloyatida to‘yning a’zaga aylanishiga sababchi bo‘lgan 2 kishi ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning 24 iyul kuni Nishon tumanidagi mahallalardan biridagi to‘yda sodir bo‘lgan janjal oqibatida kuyov jo‘ralardan biri pichoqlangan. Jabrlanuvchi ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay vafot etgan.
Mazkur jinoiy ish yuzasidan o‘tkazilgan tergov ishlari yakuniga yetib, jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudi tomonidan aybdorlarning qilmishiga qonuniy chora ko‘rilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, o‘sha kuni Qashqadaryodagi to‘y uchun kelgan surxondaryolik mehmonlardan biri kuyovning do‘stlari bilan tortishib qoladi. Bunga tort kesish marosimida boshqa bir kuyovjo‘ra o‘sha yerdagi ayollardan biriga turtilib ketgani va keyin uni haqorat qilgani sabab bo‘lgan.
Qo‘shni viloyatlik mehmon esa shu yigitning ta’zirini berib qo‘ymoqchi bo‘lganida janjal kattalashib ketgan. Janjal oqibatida mehmon yigit ularni ajratmoqchi bo‘lgan boshqa bir yigitni pichoqlab qo‘ygan.
Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan 18 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Shuningdek, o‘sha to‘yda ishtirok etib, bezorilik qilgan va jinoyat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan shaxsga esa 3 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi berildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi novvoyxonalardan birida tanishiga olti marta pichoq urgan shaxs 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Ozoda Choriyeva