To‘yda kelinni urgan kuyov javobgarlikdan qutulib qoldi 

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi to‘ylardan birida to‘yda kelinni kaltaklab, ijtimoiy tarmoqlarda anchagina mashhur bo‘lib qolgan yigit javobgarlikdan qutulib qoldi. Bu haqda “Mening yurtim” telekanalida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, yigit to‘y bazmida o‘tkazilgan o‘yinda yutqazib qo‘ygach, mag‘lubiyatga chiday olmay kelinning boshiga urganidan so‘ng ayolidan uzr so‘ragan.

“O‘zimni tutib turolmay qo‘lim ketib qoldi. Tushunmovchilik hal bo‘lgandan keyin to‘y davom etdi. Kelindan uzr so‘radim. Boshqa bunday bo‘lmaydi”, deydi kuyov. 

Ushbu holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tumani sudida ko‘rib chiqilib, kelinning da’vosi bo‘lmagani sabab yigitga ma’muriy jazo qo‘llanilmagan.

Eslatib o‘tamiz, voqea joriy yilning 6 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lib o‘tgan nikoh to‘yi marosimida yuz bergan. Unda kelin va kuyovga o‘ralgan holda shirinlik berilib, uni kim birinchi bo‘lib ochish (“Syurpriz”) o‘yini o‘tkazilgan.

O‘yin davomida kelin birinchi bo‘lib shirinlikni ochgan. Bu holatdan kuyovning jahli chiqib, kelinning boshiga musht tushirgan.

Mazkur holat yuzasidan Uzun tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan fuqaro X.R. (quyov)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgandi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu holat xalqaro OAVning ham e’tiborini tortmasdan qolmadi. Xususan, Germaniyaning ommaviy “Bild” nashri ushbu video orqali O‘zbekistonda ayollar bilan bog‘liq holatga baho berishga urindi.

“Ba’zilar uchun bu ajoyib kun va er-xotin sifatida baxtli hayotning boshlanishi. Ammo dunyodagi ko‘plab ayollar uchun bu nikoh do‘zaxiga sayohat uchun faqat boshlang‘ich signaldir!”, deya yozgan nashr.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1921

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing