To‘rt yillik sulhdan so‘ng husiylar yana Saudiyaga hujum qildi
Olam
−
14 iyul 10310 2 daqiqa
Yamandagi husiylar harakati Saudiya Arabistoni nazoratidagi hududga raketa hujumi uyushtirdi. Bu 2022 yil mart oyida kuchga kirgan norasmiy sulhdan keyin husiylar tomonidan Saudiyaga qarshi amalga oshirilgan ilk hujum bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Husiylar Saudiya Arabistonini o‘zlari nazoratidagi aeroportni bombardimon qilganlikda ayblab, kecha, 13 iyul kuni qirollikka raketa hujumi uyushtirgan. Bu esa Saudiya va Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar o‘rtasida to‘rt yil davom etgan nisbiy tinchlikni buzdi.
Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya vakili X ijtimoiy tarmog‘ida qirollik janubiy hududiga qarata uchirilgan “terrorchi husiylar militsiyasi” raketalari havo mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilinganini ma’lum qilgan. Saudiya hukumati esa ushbu voqealar yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.
Husiylar harbiy vakili Yahyo Sare’ning aytishicha, nishon Saudiyaning Yaman bilan chegaradosh tog‘li janubiy viloyati markazi Abha shahridagi xalqaro aeroport bo‘lgan.
Husiylar 13 iyul kuni ertalab Saudiyani Sano xalqaro aeroportini havodan bombardimon qilganlikda ayblab, buni “ochiq agressiya” deb atagan va deeskalatsiya davri yakunlanganini bildirgan. Shuningdek, ular Sano aeroportiga qo‘yilgan “qamal” bekor qilinmaguncha aviakompaniyalarni Saudiya havo hududi orqali parvoz qilmaslikka chaqirgan.
Sano aeroportiga berilgan zarbalarni Saudiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va xalqaro hamjamiyat tan olgan Yaman hukumati o‘z zimmasiga olgan. Yaman Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Eron samolyoti mamlakat suverenitetini buzgan holda qo‘nishining oldini olish maqsadida Sano xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi nishonga olingan.
Vazirlik mamlakat havo hududini buzgan har qanday dushman samolyotiga qarshi “barcha mavjud vositalar” bilan javob qaytarilishini bildirib, bu holat uchun Eronni mas’ul deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi marta Eron qo‘llab-quvvatlaydigan yamanlik husiylar ballistik raketalar yordamida Isroil ob’ektlariga hujum qilgan edi.
Live
Barchasi