Turkmanistonda velosipedga atalgan yodgorlik o‘rnatildi
Olam
−
03 iyun 2020
6039Bugun, 3 iyun – butunjahon velosiped kuni munosabati bilan Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida "Velosiped" yodgorligi ochildi. Ochilish marosimida mamlakat Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov qatnashdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi ma’lum qildi.
Ochilish marosimidan so‘ng velosiped kuniga bag‘ishlangan qator sport tadbirlarini boshladi. Marosimda hukumat a’zolari, milliy parlament deputatlari, Turkmanistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, mamlakat vazirlik va idoralari, turli muassasalar va ommaviy axborot vositalari rahbarlari, universitet rektorlari, talabalar, poytaxtning ko‘plab aholisi qatnashdi.
Yodgorlik katta shar shaklidagi monument ko‘rinishida bo‘lib, uning atrofida velosipedchilar haykali o‘rnatilgan. Sharda Turkmaniston xaritasi va mamlakatdagi mashhur binolar aks etgan. Yodgorlikka "Turkmaniston — Buyuk Ipak yo‘li yuragi" deb yozib qo‘yilgan.
Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z nutqida ekologik va qiziqarli sport turi bo‘lgan velosiped sporti mamlakat aholisi salomatligini mustahkamlashda muhim rol tutishi, shunga ko‘ra mamlakatda velosport bilan shug‘ullanuvchilar soni ortib borayotganini e’tirof etgan. Ochilish marosimidan keyin Prezident velopoygani boshlab berib, velosipedchilarga boshchilik qilgan. Velosipedchilar karvoni Ashxobod shahri ko‘chalari bo‘ylab 12 kilometrni bosib o‘tishgan.
Bundan tashqari, Turkmaniston rahbari Xalqaro velosport ittifoqi (XVI) Prezidenti David Lappartiyen va "ARETI" xalqaro kompaniyalar guruhining rahbari, XVI boshqaruv qo‘mitasi a’zosi Igor Makarov bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Gurbanguli Berdimuhamedovga mamlakatda velosportni ommalashtirishdagi xizmatlari va uni xalqaro miqyosga olib chiqishdagi xizmatlari uchun xalqaro tashkilotning mukofoti topshirilgan.
LiveBarchasi