Turkmanistonda go‘sht narxini tanqid qilgan bloger bedarak yo‘qoldi
Olam
−
08 yanvar 8727 2 daqiqa
Turkmanistonda go‘sht narxining qimmat ekanini tanqid qilgan Didar ismli bloger bedarak yo‘qoldi. Oradan bir necha kun o‘tib, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari izohlarda u politsiya tomonidan olib ketilgach, vafot etganini yozgan. Keyinroq esa uning qabri topilgan. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, qabr toshida quyidagi sanalar bitilgan: 30.05.1991 – 20.11.2025. 34 yoshli Didar Amansaxatovning ijtimoiy tarmoqdagi so‘nggi so‘zlari Turkmanistondagi go‘sht narxlarining haddan tashqari yuqoriligi haqida bo‘lib, u buni hazilomuz tahdid shaklida ifodalagan.
“Qayerda bo‘lgan bu – go‘sht 150 manat, 140 manat bo‘lsa? A?! Yo sizlar (hukumat) go‘sht narxini tushirasizlar, yo biz go‘shtdan voz kechamiz”, degan u.
Ushbu video e’lon qilingach, bloger darhol g‘oyib bo‘lgan. Turkman TikTok segmentida ayrim foydalanuvchilar Didar bu so‘zlari uchun 15 sutkaga qamalganini yozgan. Ko‘p o‘tmay, uning vafot etgani haqida xabarlar tarqala boshlagan, biroq o‘lim sabablari ochiq aytilmagan. Faqatgina “hukumatga qarshi chiqib bo‘lmasligi” haqida ishoralar qilingan.
Didar Amansaxatov an’anaviy ma’noda siyosiy faollardan yoki blogerlardan biri bo‘lmagan. U TikTok’da asosan kundalik hayotga oid mavzularni, turkman estradasi yulduzlarining xatti-harakatlarini muhokama qilgan, ekssentrik va provokatsion bayonotlar bergan. Obunachilar uning blogini ko‘proq ko‘ngilochar kontent sifatida qabul qilgan.
“Biroq Turkmaniston maxsus xizmatlari Didarning kontentini “zararsiz” deb hisoblamadi. Ular odatda faollar, jurnalistlar va hokimiyatni ochiq tanqid qiluvchilarga nisbatan qo‘llanadigan shafqatsiz choralarni ishga soldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston iltimosiga binoan Rossiya ashxobodlik Saddam G‘ulomovni ekstraditsiya qilgandi. Bu yigit Turkmaniston hukumati va shaxsan sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni oziq-ovqat va iqtisodiy inqiroz uchun ochiq tanqid qilganlardan biri bo‘lgan. U hukumatning mamlakatda koronavirus borligini inkor etgani hamda uning oqibatlarini yashirganini keskin tanqid ostiga olgan.
Live
Barchasi