Turkmaniston Yevropaga gaz yetkazib bermoqchi
Olam
−
13 avgust 2023
9986Turkmaniston Yevropa Ittifoqiga turkman gazini yetkazib berish rejalashtirilgan Transkaspiy gaz quvuri loyihasi bo‘yicha yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor. Bu haqda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov “Kaspiy dengizi – tinchlik va do‘stlik dengizi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
"Turkmaniston energiya oqimlarini diversifikatsiya qilish strategiyasiga sodiq bo‘lib, Transkaspiy gaz quvuri loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yevropalik sheriklar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildiradi. Turkmaniston tashabbusi bilan boshlangan mazkur g‘oya dastlab mamlakatimiz tomonidan nafaqat iqtisodiy va tijoriy jihatdan foydali loyiha, balki energiya ishlab chiqaruvchilar, tranzit mamlakatlar va iste’molchilar manfaatlarini teng hisobga olish asosida global energiya xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashning asosiy sharti sifatida ko‘rib chiqildi”, degan TIV rahbari.
Aytilishicha, Ashxobod va Baku uzoq vaqtdan beri Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab Turkmaniston qirg‘oqlaridan Ozarbayjonga gaz quvurini yotqizish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyada bunday loyihalar faqat quvur hududiy suvlari orqali o‘tadigan davlatlar o‘rtasida kelishilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Konvensiya imzolangandan so‘ng ba’zi ommaviy axborot vositalari kelishuv Turkmaniston gazini Yevropa bozoriga kamida 30 yil davomida har yili 30 milliard kub metr hajmda yetkazib berishni nazarda tutuvchi loyihani amalga oshirishga yashil chiroq yoqilganini xabar qilgan.
Hozircha Qozog‘iston va Rossiya hududidan o‘tuvchi tranzit quvurlari turkman gazini G‘arbga yetkazib berishning yagona yo‘li bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, kecha, 12 avgust kuni Turkmanboshi shahrida “Kaspiy dengizi – tinchlik va do‘stlik dengizi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. U 12 avgustda nishonlanadigan Xalqaro Kaspiy dengizi kuniga to‘g‘ri keldi. Forum ishtirokchilari, jumladan, Kaspiy beshligi davlatlarining elchixonalari, xalqaro tashkilotlar (BMT, Yevropa Ittifoqi, YeXHT) vakillari, shuningdek, Turkmanistonning qator vazirlik va idoralari rahbarlari va mutaxassislari Kaspiy muammosining dolzarb masalalari, jumladan, qirg‘oqbo‘yi davlatlarining siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, ekologik va boshqa sohalardagi o‘zaro ta’siri muhokama qilindi.
LiveBarchasi