Turkmaniston Rossiyaga gaz berishni to‘xtatdi
Olam
−
28 Oktabr
5657Turkmaniston Moskva bilan yonilg‘ining yangi narxi bo‘yicha kelisha olmagani sababli Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasiga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda “Turkmangaz” davlat konserni rahbari Maqsad Boboyev ma’lum qildi.
Ashxobod vakili ikki kompaniya shartnomasida 30 iyun sanasigacha ushbu davr uchun narxlarni qayta ko‘rib chiqish nazarda tutilgani, agar tomonlar narx bo‘yicha kelishuvga erishsa, shartnomani uzaytirish imkoni borligi, biroq tomonlar olib borilgan muzokaralarda tijorat masalasida umumiy kelishuvga erisha olmaganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlarni qayta ko‘rib chiqishda kelishuvga erishilmagani bois 30 iyunda shartnoma bekor qilingan. U, shuningdek, “Turkmangaz” uchun gaz yetkazib berishni boshlash, qayta tiklash yoki to‘xtatishning asosiy sharti tijorat qismi ekanini ta’kidlagan.
“Oldi-sotdi shartnomalari aynan manfaatdorlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqiladi. Bugungi kunda bizda turli tomondan – shimoliy, g‘arbiy, sharqiy tomondan talab ortib bormoqda. Shuning uchun, aytish mumkinki, biz har kuni turli xaridorlar va mamlakatlar bilan muzokaralar olib boramiz, shu tufayli hamma narsa bo‘lishi mumkin”, degan Maqsad Boboyev.
Shu o‘rinda u ayni paytda “Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy” transmilliy gaz quvurining to‘rtinchi tarmog‘ini qurish bo‘yicha muzokaralar ketayotganini ma’lum qilgan.
“Hozircha narx masalasida kelishuvga erishilmagan bo‘lsada, bu muzokaralar davom etmoqda. Yaqin vaqt ichida kelishuvga erishishimizga umid qilaman”, degan Boboyev.
Ma’lumot uchun, “Gazprom” 2019 yilda “Turkmangaz” davlat korxonasidan besh yil muddatga – 2024 yil 30 iyungacha tabiiy gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgandi. Unga ko‘ra, Turkmanistondan “Gazprom”ga gaz yetkazib berish hajmi yiliga 5,5 milliard kub metrni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Gazprom” 2040 yilgacha O‘zbekiston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berishi xabar qilingandi. Ushbu shartnomalar “Gazprom”ga 12 milliard kub metrgacha eksport qilish imkonini beradi. Tahlilchilarning xabar berishicha, bu hajm Yevropa bilan tuzilgan shartnomalardan ancha past.
LiveBarchasi