Ko‘chani o‘rtasiga chiqib xo‘roz urishtirayotganlarda vijdon bormi? – Qamariddin Shayxov

Jamiyat

“Karantin qoidalariga amal qilish haqidagi bong urilayotgan bir paytda, shunday jiddiy vaziyatda to‘y qilayotgan, nafaqat o‘zi va boshqalarning farzandini ham xavfga qo‘yib, tug‘ilgan kunlarni o‘tkazayotgan ota-onalarning vijdoni bormi? Ko‘chani o‘rtasiga chiqib xo‘roz urishtirish nima degan gap?” QALAMPIR.UZ internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishini yuqoriga keskin tanqidiy fikrlar bilan boshladi. 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlardan biri shifokorlarga murojaat qilmay, uy sharoitida o‘zini davolashga uringani aytilgan edi. Televizion suhbatda ushbu masala yana bir bor muhokama qilindi. 

“Charchoqdan boshimiz og‘risa, hech narsa bo‘lmadikin deb xavfsirab qolyapmiz. Bu odam shuncha kun kasalligini yashirib qanday o‘tirgan? Nahotki, ota-onasi, yaqinlari, farzandlarini o‘ylamadi? Bu odamning vijdoni qani? Odamlar nima uchun bu darajada befarq va beparvo bo‘lib ketyapti. Dunyoning ahvolini ko‘ring. Kechagina bizga kelmaydi degan mamlakatlar o‘lim darajasi bo‘yicha yuqori o‘rinlarga chiqib oldi”, deydi Qamariddin Shayxov.  

Ma’lumki, mamlakatda 24 martdan e’tiboran kuchaytirilgan tartib e’lon qilindi. Joriy yilning 30 martidan boshlab 20 aprelgacha maxsus ruxsatnoma, stikersiz avtomobil boshqarish taqiqlandi. Ayni shu vaziyatda ijtimoiy tarmoqlarda noliyotgan, ayniqsa, taksilarni o‘ylashmaydimi, qanday ro‘zg‘or tebratadi, deyayotganlar talaygina. 

“Pulimiz yo‘q, ro‘zg‘or nima bo‘ladi deyishyapti. Tushunamiz. Ammo, dunyo iqtisodi orqaga qarab ketyapti. Siz ko‘chaga chiqishda davom eting, yana qancha vaqt pulingiz bo‘lmas ekan. O‘sha taksilardan biriga biror bemor o‘tirsa bormi, kuniga uning eshigini ochib-yopadigan kamida 50 kishiga, boring ana 25 kishiga ushbu kasallikning yuqish ehtimoli yuqori.

Albatta, biroz qiyinchilik bo‘layotgandir, biroz muammolar ham bordir. Lekin bulardan chiqib olamiz.  Bahamjihatlik, birlashishimiz, xalqning kuchi bilan albatta, chiqib olamiz”, deydi jurnalist.

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda taniqli shaxslarning xayriya qilmasligi bilan bog‘liq masala dolzarb bo‘lib turibdi. Holbuki, xayriyalar qilingan, faqat oshkor etilmagan. Qamariddin Shayxov ushbu masalada ham so‘z ochdi. 

“Hozir birovga tanbeh, dashnom berib, ta’na qiladigan davr emas. Ham ziyoli qatlam, ham kam ta’minlanganman deb jar solayotgan ayrim odamlar o‘rtasidagi mojaro, xayriya qilding yo qilmading deyishlar – juda noto‘g‘ri narsalar. Biz hozir kimnidir ayblashimiz emas, balki bu vaziyatdan qanday qilib chiqib olamiz, keyin nima qilamiz deb, yangi ish rejalarini tuzadigan davrda turibmiz”, deydi Qamariddin Shayxov. 

Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgani yuzasidan rasmiy axborot berildi. Oradan bir hafta o‘tib Toshkent shahrida jamoat transporti cheklanishi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlar imkon qadar ishni onlayn rejimda tashkil etishi kerakligi aytildi. QALAMPIR.UZ O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari orasida birinchilardan bo‘lib ushbu qaror qabul qilingungacha, ya’ni 22 mart kunidayoq Toshkent markazidagi ish joyini bo‘shatib, ishni to‘liq onlayn rejimda tashkil etdi. Ayni vaqtda barcha xodimlar o‘z uyidan turib faoliyat yuritmoqda. Ishdan ozod etilgan, to‘lovsiz mehnat ta’tiliga chiqarilganlar bo‘lmadi. Tahririyat faoliyatini avvalgi tartibda davom ettirmoqda. QALAMPIR.UZ internet nashri rahbari Qamariddin Shayxov “O‘zbekiston 24” telekanalidagi chiqishida shular haqida gapirarkan, nashr avval boshdanoq #UydaHayotBor shiorini olg‘a surgani va buni amalga oshirishni o‘z jamoasidan boshlaganini aytadi. 

“Biz uydan turib ishlayapmiz va uyda ham pul topish mumkinligini o‘zimizda sinab ko‘ryapmiz. Albatta, oson bo‘layotgani yo‘q, oson ish qayerda bor. Lekin qo‘limizda qanday imkoniyatlarimiz borligini bilib oldik. Uyda qoling deb eslatishim shart emas. Uning muhimligini sezib turibsiz. Men uyda hayot bor deyman. Uyda sevgi, uyda baxt, uyda salomatlik, uyda oila, uyda ishonch va xavfsizlik bor. Takror va takror aytaman: uyda hayot bor”.


Maqola muallifi

Teglar

Qamariddin Shayxov O'zbekiston 24

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing