Turklar koronavirusni davolashning yangi usulini topdi, bemor bir kechada sog‘aydi

Olam

Turkiyalik professor koronavirusning davolashning oson va uzoq vaqt talab etmaydigan usulini o‘ylab topdi va u sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yangi uslubga "Turk nurlari" nomi berildi. Bu haqda mahalliy nashrlar bong urmoqda. 

Yangi davolash uslubiga ko‘ra, kateter orqali qon tomirlariga ultrabinafsha nurlari joylashtiriladi va u qondagi infeksiyalarni tozalaydi. 

Yangi davolash tajribasi Diyorbakir tibbiyot universiteti shifoxonasida 46 yoshli koronavirusga chalingan bemorda sinab ko‘rildi. Muolajalardan keyin bemor koronavirus testini topshirgach, unda manfiy natija qayd etildi. 

Ma’lum qilinishicha, dunyo tarixida birinchi marta ultrabinafsha nurlari orqali davolash uslubi koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorda qo‘llanilgan va u kutilgan natijani bergan. Professor doktor Hikmat Selchuk Gedik rahbarligida olib borilgan muolajalardan so‘ng, bemor o‘zini yaxshi his etishni boshladi. U uyg‘ongach og‘riq va sanchiqlar yo‘qolganini payqagan.

“46 yoshli bemorimizda  kasallikning aksirish, yo‘tal va isitma kabi alomatlari bor edi. U nafasi qisayotganidan shikoyat qildi. Ma’lumki, virusning 20 foizi qon tomirlarida, 80 foizi esa nafas yo‘llarida yashaydi. Biz bemorning qon tomirlari va nafas yo‘llariga ultrabinafsha nurlarini joylashtirish orqali davolashni amalga oshirdik. 

Muolajalardan keyingi test natijalari salbiy chiqdi”, chiqdi deydi professor Hikmat Selchuk Gedik.

U o‘z so‘zida davom etarkan, aslida ushbu tajribani AQSHda amalga oshirish fikri bo‘lgani, keyinroq Turkiyaning tibbiyot salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida bu fikrdan qaytganini aytadi. 

“Aslida biz ushbu tadqiqotni Nyu-Yorkda o‘tkazishni rejalashtirgan edik. Bugun esa ushbu tajribani o‘z yurtimizda o‘tkazganimizdan mamnunmiz. Ushbu usul butun dunyoda “Turk nurlari” nomi bilan qabul qilinadi va ro‘yxatdan o‘tkaziladi”, deydi shifokor. 

OAVning yozishicha, ultrabinafsha nurlari orqali koronavirusni davolash boshqa bemorlarda ham sinab ko‘riladi. Natija avvalgidek bo‘lsa, u butun mamlakatda qo‘llaniladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Turk nurlari

Baholaganlar

2397

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing