Turkiyaning Isroil bilan hamkorligini tanqid qilgan deputat vafot etdi
Olam
−
15 dekabr 2023
1310354 yoshli turkiyalik deputat Hasan Bitmez hukumatning Isroilga nisbatan siyosatini tanqid qilganidan so‘ng, ikki kun o‘tib yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda “Ahaber” nashri xabar berdi.
Gap shundaki, 12 dekabr kuni "Saodat" partiyasi deputati Tashqi ishlar vazirligining 2024 yilgi byudjeti muhokamasi chog‘ida Turkiyaning Isroilga nisbatan siyosatini tanqid qilgan.
Jumladan, u Isroilning G‘azodagi qirg‘ini avjiga chiqayotgan paytda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning hukmron "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi Isroil bilan hamkorlikni davom ettirayotganini qoralagan.
“Sizlar Isroilga kemalarning borishiga ruxsat berasiz va uyalmasdan buni savdo deysiz... Siz Isroilning sherigisiz. Qo‘lingizda falastinliklarning qoni bor. Isroil G‘azoga tashlagan har bir bombaga hissa qo‘shyapsiz”, degan u.
Shu bilan birga, deputat minbarga “Qotil Isroil AKP hamkori” mazmunidagi yozuvli banner olib chiqqan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Kojaning mahalliy OAVlarga aytishicha, "Saodat" (Saadet) partiyasi deputati 14 dekabr kuni Anqara shahar shifoxonasida jon bergan.
Ma’lumot uchun, Hasan Bitmez Qohiradagi Al-Azhar universitetini tamomlagan. Shundan so‘ng, Islom ittifoqi tadqiqot markazining raisi bo‘lib ishlagan hamda islomiy nodavlat tashkilotlarda faoliyat olib borgan. Ayoli va bir farzandi bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hizbulloh” yetakchisi Sayyid Hassan Nasrulloh Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni parda ortidan Isroil bilan har xil bitimlar tuzayotganlikda ayblab, uni ikkiyuzlamachi, deb atagandi.
LiveBarchasi