Turkiyaning ikki hududida zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
07 Sentabr
4377Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida va Kozan shahridan 20 km shimoli-sharqda zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 5 magnitudali silkinish mahalliy vaqt bilan soat 09:31 da sodir bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i Evri shahri yaqinida, taxminan 7 kilometr chuqurlikda joylashgan. Boshqarmaning ma’lum qilishicha, hozircha tabiiy ofatning salbiy oqibatlari aniqlanmagan. Qayd etish joiz, hududdan 50 km uzoqlikda 1,5 milliondan ortiq aholiga ega Gaziantep shahri mavjud.
Shuningdek, yana bir tabiiy ofat 88,1 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan Kozan shahridan 20 kilometr shimoli-sharqda qayd etilgan. 5,7 magnitudali zilzila epitsentri 12 km chuqurlikda joylashgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 6 fevral kuni Qahramonmarash viloyatida to‘qqiz soat farq bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘ldi. Turkiya hukumati zilzilalarni “asr falokati” deb atadi. Ofat oqibatida 53 mingdan ortiq odam zilzila qurboni bo‘ldi, 107 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Farg‘onada ham sezilgani xabar qilingan edi.