Turkiyaning 10 viloyatida favqulodda holat e’lon qilindi. Erdo‘g‘an yangi tafsilotlarni ochiqladi

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning zilziladan jabr ko‘rgan 10 viloyatida favqulodda holat e’lon qildi: ofatdan jabr ko‘rgan hududlar aholisi uchun o‘n minglab mehmonxona yotoqlari tayyorlandi, yordam olish davom etmoqda. Qutqaruv ishlariga 70 ta davlat, 26 ming kishi jalb etilgan. 

“Zilzila ulkan vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Bu nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo tarixidagi eng katta ofat bo‘ldi. Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarni favqulodda holat zonasi deb e’lon qilamiz. Bu o‘n viloyatda uch oy muddatga favqulodda holat e’lon qilishga qaror qilindi. Biz tariximizning eng og‘riqli kunlarini boshdan kechirmoqdamiz. Markazi Kahramonmarashning Pazarjik va Elbiston tumanlarida bo‘lgan ikki kuchli zilzila 10 viloyatda katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Bu hududda 13,5 millionga yaqin fuqarolarimiz jabrlangan”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.

Turkiya rahbari bu chora-tadbirlar zilzilalar oqibatlari tufayli amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan. 

“Favqulodda holatning joriy etilishi tez va samarali qidiruv-qutqaruv ishlarini kafolatlaydi”, deydi u.

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda, ayni damda ular 3549 nafarga yetdi, 22168 kishi jarohat olgan. Shuningdek, u qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 8000 dan ortiq odam qutqarilganini ta’kidladi. 

Qo‘shimcha choralar

Bugun, 7 fevral kuni Turkiya hukumati zilzila oqibatlarini tezda bartaraf etish va muhtojlarga yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha choralarni e’lon qildi.  

“Birinchi bosqichda shoshilinch yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash tadbirlarini tashkil etish uchun muassasalarimizga zudlik bilan 100 milliard lira (5,3 milliard dollar) ajratdik. Tabiiy ofat zonasiga yaqin joylardan boshlab, qish mavsumi tufayli faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan mehmonxonalarni tabiiy ofatdan jabrlanganlar ixtiyoriga berish uchun zarur rejalar ishlab chiqilmoqda. Buning uchun faqat Antaliya viloyatida 50 ming yotoq tayyorlandi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Xalqaro yordam

Erdo‘g‘an Turkiyaga qator davlatlar tomonidan ko‘rsatilgan xalqaro yordamni eslatdi.  

“Hozirgacha 70 ta davlat va 14 xalqaro tashkilotdan yordam taklifi oldik.  Shuningdek, 18 ta davlat va hukumat rahbarlari bilan telefon orqali muloqot qildik. Mamlakatimiz uchun og‘ir damda o‘z qo‘llab-quvvatlashini bildirish va yordam taklif qilish uchun bizga murojaat qilgan barcha do‘stlarimizga, davlat va hukumat rahbarlariga minnatdorlik bildiraman”, deydi u. 

Prezident xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi Turkiya uchun nafaqat [jismoniy] yordam,  balki ma’naviy ta’siri bilan ham qimmatli ekanini ta’kidladi. 

Erdo‘g‘anning aytishicha, ayni damda Turkiyaning tegishli idoralarining 26 ming xodimi qidiruv-qutqaruv ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni bu ko‘rsatkich mamlakatning boshqa hududlaridan qo‘shimcha qutqaruv guruhlari kelishi va xorijdan kelayotgani hisobiga ortib bormoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Turkiyadagi zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing