Turkiyani hech kim urushga tortolmaydi – Fidan
Olam
−
11:31 495 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Turkiya Yaqin Sharqdagi urushga tortilishga mutlaqo qarshi ekanini bildirdi. Bu haqda u Anqara shahrida Bangladesh Tashqi ishlar vaziri Halilur Rahmon bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Fidanning ta’kidlashicha, Turkiya davom etayotgan adolatsiz urushda ishtirok etishni istamaydi va mamlakatni mojaroga jalb qilishga bo‘lgan har qanday urinishlarga qat’iy qarshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya provokatsiyalarga berilmaslikka qat’iy qaror qilgan va mamlakatning harbiy hamda tiyib turish salohiyati juda yuqori.
Fidanning aytishicha, Turkiya strategik jihatdan kuchni qachon va qayerda ishlatishni yaxshi biladi. Biroq urushni imkoni boricha tezroq diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarur. Uning fikricha, Eronga qilingan hujumlar darhol to‘xtatilishi kerak, shuningdek Eronning qo‘shni davlatlarga hujumlari ham to‘xtashi lozim. Shu bilan birga, tomonlar tez orada muzokaralarga qaytishi kerak.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Yaqin Sharqdagi mojaro sabablarini endi inkor etib bo‘lmasligini ham ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya anchadan beri Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati yuritayotgan ekspansionist siyosat va uning fundamentalistik mafkurasi haqida ogohlantirib kelmoqda. Fidanning ta’kidlashicha, Isroil mintaqada tashqi aralashuvlar orqali o‘z geosiyosiy manfaatlarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, u Isroil hukumati G‘azodagi sulh kelishuvini buzishda davom etayotganini va bu yerdagi gumanitar vaziyat kun sayin yomonlashayotganini aytgan.
Fidanga ko‘ra, Turkiya Netanyaxu “Hizbulloh”ga qarshi kurash bahonasi bilan Livanda yangi qirg‘in sodir etishi mumkinligidan xavotirda. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad Hasan Habibullohzoda Erondan Turkiya tomonga uchirilgan raketalar haqida izoh berib, Turkiyaning milliy suverenitetiga hurmat bilan qaralishini bildirgandi. Habibullohzoda do‘st va qardosh davlat bo‘lgan Turkiyaning sa’y-harakatlariga ishonishini aytib, ayniqsa, Prezident Erdo‘g‘an va Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidanning bu boradagi harakatlariga minnatdorlik bildirgan.
Live
Barchasi