Turkiyalik me’mor SSVning loyihalash kompaniyasiga rahbar bo‘ldi

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vazirligining sog‘liqni saqlash muassasalarini loyihalash bo‘yicha bosh tashkiloti bo‘lgan “O‘ztibloyiha” MCHJga turkiyalik tajribali mutaxassis Guray Kaymak direktor etib tayinlandi

48 yoshli tajribali me’mor sanoat arxitekturasi mutaxassisligi bo‘yicha Turkiyada bakalavr, Makedoniyada  magistratura darajasini olgan. 

Guray Kaymak 1993 yilda ish faoliyatini “MNG HOLDING” kompaniyasida boshlagan. Ma’lumot uchun, mazkur nufuzli shirkat mashhur Istanbul xalqaro aeroportini qurishda qatnashgan.

Mutaxassis keyinchalik Ruminiyada qator bank binolari, Turkiyada “Bayindir tib merkezi” tomonidan quriladigan tibbiyot muassasalarini loyihalashtirishda ishtirok etgan.

Qayd etilishicha, u poytaxtdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi binocini loyihalashtirishda ham faollik ko‘rsatgan.

Uning so‘nggi yillardagi loyihalaridan biri 2020 yilda foydalanishga topshirilgan Namangandagi zamonaviy kutubxona binosi bo‘lgan.

“O‘ztibloyiha” boshqaruviga kelgan yangi rahbar zimmasiga tibbiyot yo‘nalishiga oid qurilish ob’ektlarini eng ilg‘or andazalardan foydalanib loyihalashtirish yuklatilgan.

Shuningdek, u ilmiy-texnik konstruktorlik loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish hamda bu borada texnik yordam ko‘rsatish, innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnik yangiliklar va nou-xaularni ishlab chiqish kabi vazifalarni bajarishga ham boshchilik qiladi.

Bundan tashqari, endilikda hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlanayotgan har bir tibbiyot muassasasi loyihasi Guray Kaymak boshchiligidagi “O‘ztibloyiha” tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

52

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing