Turkiyadan Rossiyaga qarshi qattiq sanksiyalar joriy etish so‘raldi

Olam

image

Niderlandiya Turkiyaning Rossiyaga qarshi barcha mumkin bo‘lgan sanksiyalarni qo‘llashini xohlaydi, lekin uning “maxsus pozitsiyasini” tushunadi. Bu haqda kecha, 22 mart kuni Niderlandiya Bosh vaziri Mark Ryutte Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Anqarada o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Turkiya BMT sanksiyalariga amal qilmoqda va, tabiiyki, Turkiya o‘z geografiyasiga ko‘ra alohida pozitsiyaga ega. U ayni paytda Suriya bilan ham shug‘ullanmoqda. Albatta, Turkiya barcha sanksiyalarni joriy etishini istardik, lekin Turkiyaning [Ukrainadagi] mojaroga barham berishga urinib, diplomatik rol o‘ynayotganidan ham xursand bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylayman”, deydi Ryutte.

Shuningdek, u Niderlandiya Turkiyaning Rossiya Federatsiyasi va Ukraina bilan muloqotini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. 

“Turkiya bu mojaroda asosiy rol o‘ynaydi. Bu AQSH, Germaniya va Fransiyadan tashqari Rossiya va Ukraina bilan muzokara olib borishga qodir kam sonli davlatlardan biri. Men janob Erdo‘g‘andan bunday rolni o‘z zimmasiga olgani uchun minnatdorman”, degan u.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasi va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan aloqada ekanini aytgan. Bundan tashqari, u o‘tgan hafta Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li Moskvaga tashrif buyurganini, u yerda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashganini, shuningdek, Ukrainaga borib, u yerda Ukraina TIV rahbariDmitriy Kuleba bilan uchrashganini eslatdi.

Avvalroq Anqara Turkiya o‘z iqtisodiyotiga zarar yetkazmaslik va Rossiya Federatsiyasi bilan muloqot kanalini ochiq qoldirish uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilish niyatida emasligini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va G‘arb davlatlari hozirda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi ustida ish boshlagan. Yangi cheklovlar AQSH Prezidenti Jo Baydenning Bryusselda ittifoqchilari bilan o‘tkazadigan muhokamalaridan keyin joriy etilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

317

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing