Turkiyadagi o‘zbekistonliklardan mitingga chiqmaslik so‘raldi

Olam

image

Avvalroq, turkiyalik Ummuxon O‘zden ismli qiz stendap chiqishlaridan birida omma oldida o‘zbek ayollariga nisbatan haqoratomuz so‘z ishlatgandi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ushbu masala yuzasidan fuqarolarni turli yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishdan hamda ularga targ‘ib qilishdan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda konsulxona matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oxirgi paytlarda O‘zdenning o‘zbek ayollari sha’niga aytilgan nomaqbul so‘zlariga javoban ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Istanbul sudi binosi atrofida yig‘ilish o‘tkazishga chorlovlar keng tarqatilmoqda.

Bosh konsulxona Turkiyada mitinglar, namoyishlar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibi “Yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risida” 2911-sonli qonun asosida tartibga solinishini ma’lum qilgan. Mazkur qonunga muvofiq, Turkiyada yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazish uchun quyidagi talablar belgilangan:

  • Turkiya hokimiyat organlariga xabar berish. Tashkilotchilar tadbir o‘tkazilishi haqida mahalliy hokimiyat organlarini 48 soat oldin xabardor qilishlari shart;
  • Tashkilotchilarning majburiyatlari. Tashkilotchilar tadbirning tinch o‘tishini ta’minlashi va jamoat tartibini buzishning oldini olishlari shart.

Bildirilishicha, belgilangan tartiblarga rioya etilmagan holatda, ya’ni xabar berilmagan yoki belgilangan qoidalarni buzgan holda o‘tkazilgan tadbirlar uchun tashkilotchilar va ishtirokchilarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy jazo choralari qo‘llanishi mumkin. Har bir shaxs yoki guruh sudga murojaat qilishi mumkindir.

“Istanbul sud binosining kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanadigan ob’ekt ekanligini inobatga olgan holda, fuqarolarimizni turli yig‘ilish va namoyishlar o‘tkazishdan hamda ularga targ‘ib qilishdan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiya fuqarosi Ummuxon O‘zden ismli qiz stendap chiqishlaridan birida omma oldida o‘zbek ayollariga nisbatan haqoratomuz so‘z ishlatganiga munosabat bildirgandi. Bosh konsulxonaga ko‘ra, O‘zden tomonidan bildirilgan salbiy fikrlar uning shaxsiy qarashlari bo‘lib, bu qardosh turk xalqining o‘zbek millatiga nisbatan munosabatini anglatmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston fuqarolari Ummuxon O'zden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing