Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi vatandoshlarga ogohlantirish bilan chiqdi
Jamiyat
−
18 noyabr 2020
23952O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘lladi.
O‘zbekiston elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, doimiy yashayotgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan yoki ushbu mamlakatga safar qilishni rejalashtirayotgan vatandoshlardan mamlakatda amal qilayotgan cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborli bo‘lish hamda rasmiy organlarning aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablarini bajarishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada joriy yilning 20 noyabridan e’tiboran karantin choralari yana kuchaytirilmoqda.
Yangi cheklovlar joriy yil 20 noyabrdan kuchga kiradi. Xususan, bundan avvalroq 65 yoshdan katta fuqarolarning ko‘chaga chiqishlariga o‘rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshgacha bo‘lganlarga ham tegishli bo‘ldi.
Bundan tashqari, mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham kuchga kiradi. Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi.
Davlat muassasalari, bozorlar, savdo markazlari, do‘konlar, restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar hafta davomida soat 10:00dan soat 20:00 gacha ishlaydi. Restoranlarga faqat buyurtmalarni yetkazib berish yo‘nalishida faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda. Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari tomoshabinlarsiz davom ettiriladi.
Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020 yil oxirigacha uzaytirilmoqda.
Ko‘chada sigaret chekishga taqiq ham amalda qolmoqda.
Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlari epidemiologik vaziyatga qarab, qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqiga ega bo‘ldi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallanganlarning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan Istanbul shahar rasmiylari ertaga, 19 noyabrdan boshlab muzeylar va san’at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya paytida mamlakatda 11 ming 804 kishi koronavirusdan vafot etgan. So‘nggi 24 soat davomida 103 kishi ushbu kasallik tufayli dunyodan ko‘z yumgan.
LiveBarchasi