Turkiyadagi mehmonxona yong‘ini ortidan 11 kishi umrbodga qamaldi

Olam

image

Bugun, 31 oktyabr kuni Turkiyada ko‘plab kishilarning o‘limiga sababchi bo‘lgan mehmonxona yong‘inida ayblangan 11 kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ushbu mudhish voqea joriy yilning yanvar oyida Bolu viloyatidagi Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi 12 qavatli “Grand Kartal” mehmonxonasida sodir bo‘lgan. Yong‘in mehmonxonaning restoranida boshlangan va u 78 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Xususan, unda turkiyalik teleboshlovchi Nedim Turkman ham halok bo‘lgandi. Jurnalist oilasi bilan ta’tilda bo‘lgan. Uning rafiqasi Oysha Neva va ikki farzandi –18 yoshli qizi Ala Dora va 22 yoshli o‘g‘li Yuje Ata ham yong‘inda halok bo‘lgan. Faqat uchinchi qizi Pelin Turkman tirik qoldi. U oilasining janozasida ishtirok etdi. 

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an Boluda yuz bergan yong‘in oqibatida oila a’zolarini yo‘qotgan Gultekin oilasiga hamdardlik bildirish uchun ushbu viloyatga tashrif buyurdi. Erdo‘g‘an hamdardlik izhoridan keyin dafn marosimida ishtirok etdi va ko‘z yoshlarini tiya olmadi. 

Halok bo‘lganlar orasida 34 nafar bola bor – yong‘in maktab ta’tilida, Istanbul va Anqaradan ko‘plab oilalar chang‘i uchish uchun tog‘larga yo‘l olgan paytda sodir bo‘lgan. Yana 137 kishi jarohatlangan.

TRT Haber hukm etilganlardan biri mehmonxona egasi Halit Ergul ekanini yozgan.

Hali yong‘in yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda. Ushbu jinoyat ishida 32 nafar ayblanuvchi bor, ulardan 20 nafari tergov hibsxonasida.

Ayblanuvchilar orasida Halit Erguldan tashqari mehmonxona direktorlar kengashi a’zolari, menejerlari va xodimlari, shuningdek, shahar hokimi o‘rinbosari va yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari bor.

Mustaqil ekspertlar Kartalkaya tog‘-chang‘i kurortidagi mehmonxona yong‘in xavfsizligi bo‘yicha asosiy choralarni ko‘rmaganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘llagandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Kartalkaya Bolu viloyati Nedim Turkman Grand Kartal mehmonxona yong'ini Halit Ergul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing