Turkiyadagi kema yong‘inida jarohatlanganlar borligi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
11:52 437 1 daqiqa
Kecha, 13 avgust kuni Turkiyaning Mug‘la viloyati Fethiye tumani yaqinida 115 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan sayyohlik kemasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Yuz bergan yong‘in oqibatida esa 15 kishi tanasining turli qismlaridan kuyish jarohati olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Qayd etilishicha, jarohatlanganlar yong‘in vaqtida qutqaruv jiletlarini kiyib dengizga sakragan yo‘lovchilar orasida bo‘lgan.
Nashrga ko‘ra, ular shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, davolanishni davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, yong‘in sodir bo‘lgan kuni bortdagi 115 kishining barchasi evakuatsiya qilingani va halok bo‘lganlar yo‘qligi bildirilgan edi. Hodisa joyiga Sohil qo‘riqlash xizmati, tibbiy brigadalar hamda qutqaruv guruhlari yuborilgan. Shu bilan birga, yaqin atrofdagi qayiqlar ham qutqaruv ishlarida ishtirok etgan. Natijada kemadagi barcha yo‘lovchilar xavfsiz tarzda qutqarib olingan.
Shuningdek, mahalliy OAVlar yong‘in oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan qayiqning alangaga o‘ralgan holati havodan tasvirga olinganini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Marmaris shahri yaqinida 110 nafar yo‘lovchi bo‘lgan sayyohlik kemasi cho‘kib ketgandi.
Live
Barchasi