Turkiyadagi dahshatli tun. Erdo‘g‘anga nisbatan suiqasd va davlat to‘ntarishiga urinish qanday amalga oshirilgan edi?

Tahlil

“Xalqimizni maydonlarga, aeroportlarga chaqiraman. Maydonlarda, aeroportlarda to‘planaylik va ular (terrorchilar – tahr.)ning guruhi tanklari va artilleriyalari bilan kelsinlar, o‘sha yerda qo‘llaridan nima kelsa, qilsinlar. Men hech qachon xalqning kuchidan ustun keladigan kuchni tan olmaganman”. 2016 yil, 15 iyul. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatda boshlangan navbatdagi harbiy to‘ntarishdan qo‘rquv va tahlika ichida to‘rt devor orasiga qamalgan, ko‘chaga chiqishga, o‘z Vatani, davlati, bayrog‘i va Konstitutsion demokratik boshqaruv tizimini himoya qilishga qo‘rqqan vatandoshlariga shunday chaqiriq bilan chiqdi. Bu chaqiriq odamlarning maydonlarga to‘planishiga, demokratiyaga o‘qtalingan qurolning tortib olinishiga, oxir-oqibatda davlatga qarshi to‘ntarish muvaqqiyatsizlikka uchrashiga, xalq irodasi g‘alaba qilishiga sabab bo‘ldi. 

Turkiya tarixiga nazar tashlasangiz, 1960 yilning 27 may, 1980 yilning 14 sentyabr kunlari aynan harbiylar tomonidan davlat boshqaruviga qarshi to‘ntarish uyushtirilib, ular muvaffaqiyat bilan amalga oshirilganini ko‘rish mumkin. Ushbu tarixni 2016 yilning 15 iyul kuni ham takrorlashga urindilar. Ish boshida esa nafaqat Turkiya, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda xayr-sahovatli ishlari, ilm tarqatish iddaosi bilan FETO terrorchilik tashkiloti va uning AQSHning Pensilvaniya shtatidan rahnamosi Fathulloh Gulen turgan edi. 

Davlat to‘ntarishiga urinish 15 iyul kuni soat 22:00 boshlandi. Anqarada isyonchi harbiylar guruhi tomonidan davlat teleradiokompaniyasi “TRT” va Bosh shtab binosi qo‘lga olindi. Xuddi shu paytning o‘zida Istanbulda bir guruh askarlar Bo‘g‘ozichi va Fotih Sulton Mehmet ko‘priklari orqali harakatlanishni to‘sib qo‘yishdi. 

22:10. Yuzaga kelgan favqulodda vaziyat sababli Bosh vazirning Chanqaya qarorgohida Hukumat Bosh kotibi rahbarligida muvofiqlashtiruvchi markazi tashkil etildi. 

23:05. Bosh vazir Binali Yildirim “NTV” va “A Haber” telekanallari orqali jonli efirda harbiy to‘ntarishga urinish bo‘layotgani to‘g‘risida xabar berdi. “Bu urinishlarning oldi olinadi. Bu voqeaning tashabbuskorlari eng og‘ir shaklda tovon to‘laydi”, dedi Bosh vazir Yildirim. 

23:24. Anqara shahri Ko‘lboshi tumanida joylashgan Politsiya Maxsus operatsiya o‘quv markazida portlash ro‘y berdi. 

23:30. To‘ntarishni uyushtirishga harakat qilgan isyonchi harbiylar guruhi tomonidan Bosh shtab Bosh qo‘mondoni Hulusi Akarning garovga olingani haqida xabar berildi. 

00:00. Xavfsizlik organlari tomonidan davlat armiyasidagi Fathulloh Gulen terrorchi tashkiloti a’zolari bo‘lgan shaxslar harbiy to‘ntarish qilishga uringani haqida bayonot berildi. 

00:01. Marmaris shahrida ta’tilda bo‘lgan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Otaturk nomidagi Istanbul xalqaro aeroportiga qarab yo‘lga chiqdi. 

00:09. Anqara shahrining Yangi mahalla tumanida joylashgan Milliy xavfsizlik razvedkasi tashkiloti binosi harbiy vertolyotlardan o‘qqa tutildi. Oqibatda binoning xavfsizlik xizmati xodimlari javoban o‘q otishni boshladi. 

00:13. “TRT” binosini qo‘lga kiritgan harbiylar jonli efirda to‘ntarish haqida noqonuniy bayonotni taqdim etishdi. Unda mamlakat boshqaruvi harbiylar tomonidan yo‘lga olingani, Hukumat ag‘darilgani aytilib, odamlardan vaziyat iziga tushmaguncha ko‘chaga chiqmaslik so‘raldi. Mamlakat Prezidenti ma’muriy boshqarmasi mazkur bayonotning Qurolli kuchlarga aloqasi yo‘qligini va noqonuniy ekanini bildirdi. Ushbu noqonuniy bayonot e’lon qilingandan so‘ng, TURKSAT yo‘ldoshi “TRT” telekanalining efirini uzib qo‘ydi. 

00:26. Mazkur bayonotdan keyin Prezident Erdo‘g‘an CNN TURK telekanali orqali jonli efirda xalqni ko‘chalarga chiqishga da’vat qildi va harbiy to‘ntarishga urinishga o‘z munosabatini bildirdi. “Albatta, bu isyon ishtirokchilari xalqning milliy erkiga qarshidir. Ular – Qurolli kuchlardagi yoki boshqa davlat idoralaridagi bir guruh shaxslar bo‘lishiga qaramasdan, davlat qonunchiligi talablariga muvofiq kerakli darajada javobni olishadi”, dedi Prezident. 

00:30. Prezident Erdo‘g‘anning da’vati va Din ishlari boshqarmasi boshlig‘ining topshirig‘i bilan Turkiyaning barcha hududlaridagi masjidlarda Azonlar aytildi. Shundan so‘ng, odamlar ko‘chaga chiqishni va isyonchi harbiylarga qarshilik ko‘rsatishni boshladi. 

00:35. Davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha ilk tekshiruv ishi Istanbulda boshlandi. Kuchukchekmeje tumani prokurori Ali Do‘g‘on davlat to‘ntarishiga urinishga harakat qilgan harbiylar qamoqqa olingani va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi. 

00:57. TURKSAT yo‘ldoshi “TRT” efirini uzib qo‘yganidan keyin fitnachilar TURKSAT binosiga havodan hujum qildi. 

01:01. Anqara xavfsizlik boshqarmasi binosiga harbiy samolyotlar va vertolyotlar orqali hujum qilindi. 

01:30. Bosh vazirning Chanqaya qarorgohi xavfsizlik xizmati xodimlari qarorgoh binosini o‘qqa tutgan 5 ta zirhli avtomobilga javob zarbalarini berdi. Xalqning ko‘magi bilan isyonning oldi olindi. Parlament raisi Ismail Qahramon Hukumat qoshidagi Muvofiqlashtiruvchi markazga yetib keldi va Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi faoliyatini to‘xtatmaslikka qaror qilindi. 

01:39. Buyuk Millat Majlisining yig‘ilishlar zaliga deputatlar to‘plandi. 

02:00. To‘ntarishga urinishdan so‘ng, ba’zi harbiylar qamoqqa olindi. 

02:30. Fitnachilar Ko‘lboshidagi Maxsus operatsiyalar qo‘mondonligi binosiga havo hujumlarini uyushtirdi. Oqibatda 17 nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi. Turkiya Qurolli kuchlariga tegishli bo‘lgan F-16 harbiy samolyoti isyonchilar tomonidan urib tushirildi. 

02:35. TRT binosini qo‘lga kiritishga harakat qilgan 5 harbiy, shu jumladan 1 ofitser politsiya tomonidan zararsizlantirildi. 

Prezident saroyida bostirib kirishga harakat qilgan 13 harbiy, jumladan FETO terrorchi tashkiloti a’zosi bo‘lgan 3 ofitser qamoqqa olindi. 

02:42. Parlament binosiga bomba tashlandi, oqibatda politsiya xodimlari va mansabdor shaxslar jarohatlandi. 

02:49. Parlament binosiga ikkinchi marotaba bomba tashlandi. Yig‘ilishlar zalida bo‘lgan parlament raisi Ismoil Qahramon va deputatlar bombalar yomg‘iridan bunkerga yashirinishda. 

03:00. TRT telekanalining odatdagi efir rejimi tiklandi. Davlat telekanali binosini qo‘lga olishga harakat qilgan FETO a’zolar qamoqqa olindi. 

03:10. Bosh vazir Yildirim Anqara shahri ustidan, xususan Milliy razvedka boshqarmasi, Prezident, Bosh vazir ma’muriy boshqarmasi binolari bilan boshqa strategik muhim ob’ektlar ustidan uchuvchi barcha harbiy vertolyot va samolyotlar raketlar bilan urib tushirilishini aytdi. 

03:15. Bosh shtab binosida yana otishma boshlandi. 

03:20. Prezident Erdo‘g‘an Istanbulga keldi. 

04:00. Anqara shahar prokuraturasi tomonidan FETO terrorchi tashkiloti bilan aloqasi bo‘lgan sud amaldorlarining hamda Mamlakatda sulh (tan olinmagan) qo‘mitasi a’zolari bo‘lgan harbiylarning qamoqqa olinishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

04:42. Prezident Erdo‘g‘an Marmaris shahrida tunagan mehmonxona vertolyotdan o‘qqa tutildi. Niqobli harbiylar vertolyotdan tushib, mehmonxonani qurshab olishdi. Otishma jarayonida 5 ta politsiya xodimi yaralandi. 

05:20. Bosh vazir Binali Yildirim o‘zining rasmiy Twitter sahifasidan to‘ntarishga urinishda ishtirok etgan generallardan biri o‘ldirilgani, oralarida polkovniklar bo‘lgan 130 nafar harbiy hibsga olinganini ma’lum qildi. 

06:00. Shahar prokuraturasi davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha tekshirish ishlari boshlab yuborilganini, Ko‘lboshidagi Maxsus operatsiyalar o‘quv markazida 42 kishining halok bo‘lganini va vaziyat nazoratga olinganini ochiqladi. 

06:30. Bosh vazirning Chanqaya qarorgohi xavfsizlik to‘siqlari bilan o‘rab olindi. Qarorgohga boruvchi barcha yo‘llar yopildi. FETO a’zolari tomonidan boshqarilgan TURKSAT yo‘ldoshiga o‘q uzishda ishlatilgan harbiy vertolyot Ko‘lboshida urib tushirildi. 

06:30. To‘ntarishga urinish paytida Istanbuldagi Bo‘g‘ozichi ko‘prigini nazoratga olgan harbiylar taslim bo‘ldi. 

06:43. Prezident saroyining shundoqqina yaqiniga FETO a’zolari tomonidan ikki bomba tashlandi. Bombalar Millat masjidi oldiga qo‘yilgan avtotransport vositalari ustiga tushdi. 

07:00. Bosh Jandarmeriya binosi va Prezident saroyi joylashgan chorrahaga harbiy samolyotdan bomba tashlandi. 

07:10. FETO tashkilotining 336 a’zosi hibsga olindi. 

07:50. Fathulloh Gulenning terrorchilik tashkiloti a’zolari bo‘lgan 29 polkovnik va 5 general, Ichki ishlar vaziri Efkan Ali buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

08:32. Asir olingan Bosh shtab qo‘mondoni Hulusi Akar ozod qilindi. 

Xalq ishonib topshirilgan hokimiyatni osonlikcha sotqinlar qo‘liga berib qo‘yishni istamadi. Tongda ko‘chalar, maydonlar qo‘lida turk bayrog‘ini ko‘targan vatanparvar erkak-u ayollar, yigit-qizlarlarga to‘lgandi. Dini, irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar hamma Vatan uchun bir yoqadan bosh chiqardi.

Bu kun Turkiyada qonli sahifalar bilan, ammo o‘zgacha shon, o‘zgacha sharaf bilan yozilib qoldi. Milliy iroda zafar quchdi. Xalq vakillaridan 251 nafari o‘q yomg‘iridan vafot etdi.  Yana yuzlab odamlar jarohatlandi, biroq mamlakat mustaqilligi saqlab qolindi. Tongga bormay, davlat to‘ntarishiga urinish besamar kechgani e’lon qilindi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

840

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing