Turkiyada yuzlab yo‘lovchisi bo‘lgan sayyohlik kemasi yonib ketdi (video)
Olam
−
17:27 1331 1 daqiqa
Bugun, 13 avgust kuni Turkiyaning Mug‘la viloyati Fethiye tumani yaqinida sayyohlik kemasida yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda bortdagi 115 nafar kishi evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in dengiz sayohati uchun yo‘lga chiqqan kemada hozircha noma’lum sababga ko‘ra boshlangan. Alanga qisqa vaqt ichida butun kemani qamrab olgan. Vahimaga tushgan yo‘lovchilar, jumladan, bolalar ham qutqaruv jiletlarini kiygan holda o‘zlarini dengizga tashlashga majbur bo‘lgan.
Hodisa haqida xabar tushgach, voqea joyiga Turkiya Sohil qo‘riqlash xizmati, tibbiy brigadalar va boshqa qutqaruv guruhlari yuborilgan. Shuningdek, yaqin atrofda bo‘lgan qayiqlar ham qutqaruv ishlarida ishtirok etgan. Natijada kemadagi 115 kishining barchasi xavfsiz tarzda qutqarib olingan.
Yong‘in kemaga jiddiy zarar yetkazgan va u qisman cho‘ka boshlagan. Qutqarilgan yo‘lovchilar qirg‘oqqa olib chiqilib, shifokorlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Fethiye tumani hokimi Fotih Akkaya hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘qligini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, barcha yo‘lovchilar Sohil qo‘riqlash kemalari hamda atrofdagi boshqa qayiqlar yordamida evakuatsiya qilingan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Marmaris shahri yaqinida 110 nafar yo‘lovchi bo‘lgan sayyohlik kemasi cho‘kib ketgandi.
Live
Barchasi