Turkiyada yashovchi o‘zbek ISHID jangarilariga soxta pasport sotyapti – “The Guardian”
Olam
−
01 fevral 2022
12095Rasmiy vizalar yopishtirilgan soxta pasportlar yasash bo‘yicha onlayn biznes ISHID ekstremistik guruhiga aloqador shaxslarga Suriyadan Buyuk Britaniya, YeI mamlakatlari, Kanada va AQSHga sayohat qilish imkonini beradi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning “The Guardian” nashri tergoviga tayanib xabar berilgan.
Tergov natijalari kecha, 31 yanvar kuni e’lon qilingan. Tekshiruvlar davomida soxta pasportlar tayyorlovchi tarmoqlardan biriga Turkiyada yashovchi etnik o‘zbek rahbarlik qilayotgani ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, u turli davlatlarning yuqori sifatli qalbaki pasportlarini katta pulga — ba’zan 15 ming dollarga sotadi.
Nashr Suriya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan odamlar Istanbul aeroporti orqali xorijiy davlatlarga yetib borishga muvaffaq bo‘lgan kamida 10 ta holatni aniqlagan. Soxta pasport sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ularning mijozlari orasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga borishni istaganlar ko‘p.
Kamida ikkita holatda qalbaki pasport sotib olgan odamlar Istanbuldan Meksikaga soxta Rossiya pasportlari bilan yetib borishga va u yerdan noqonuniy ravishda AQSHga kirishga muvaffaq bo‘lgan.
“Turkiyalik etnik o‘zbek shu qadar yaxshi ishlayaptiki, u yaqinda Telegram’da rasmiy ravishda Istanbul Global Consulting deb nomlangan yangi shifrlangan ma’lumot almashish kanalini ochdi”, deyilgan xabarda.
“The Guardian” jurnalisti turkiyalik etnik o‘zbek bilan o‘zini qiziquvchi mijoz sifatida tanishtirib suhbatlashgan.
“Kim qaysi guruhdan ekanligini so‘ramayman. Men to‘g‘ri kelgan odam bilan ishlashga tayyorman. Kim yomon ekanini baholash mening ishim emas. Maxfiy xizmatlar shunday qilishi kerak”, degan turkiyalik etnik o‘zbek.
Nashrning yozishicha, o‘sib borayotgan savdo xavfli ekstremistlar butun dunyo bo‘ylab xavfsizlik kuchlarini chetlab o‘tishlari, o‘tmishdagi jinoyatlari uchun adolat sudidan qutulishlari va Suriyadan boshqa mamlakatlarda terrorchilik faoliyatini davom ettirishlari mumkinligidan dalolat beradi.
2015 yilda G‘arb mamlakatlari maxsus xizmatlari “Islomiy davlat” jangarilari ixtiyorida Suriya va Iroqning soxta pasportlarini tayyorlash uchun maxsus jihozlar va blankalar borligi haqida ogohlantirgan. Keyinchalik soxta pasportlar ekstremistik guruh a’zolarining Suriya va Iroqdan kelgan qochqinlar niqobi ostida dunyo bo‘ylab harakatlanishiga yordam bergan.
Guruh bir qator teraktlar, jumladan, 2015 yil noyabrida Parijdagi “Bataklan” teatriga uyushtirilgan hujum va 2017 yilda Manchester arenasidagi portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.
So‘nggi yillarda Yevropa davlatlari chegarachilari qalbaki pasportlarni aniqlashga jiddiy e’tibor bera boshlagan. Ammo bunga javoban soxta pasport sotuvchilari ham o‘z o‘yinlarini kuchaytirib, potensial mijozlar uchun keng ko‘lamdagi millatlardan foydalangan.
Xabarga ko‘ra, o‘zbek nashr jurnalistiga yangi Fransiya, Belgiya, Bolgariya va Rossiya pasportlari aks etgan bir qancha videolarni yuborgan. Soxta pasport sotuvchilarning fikricha, ishlaydigan biometrik chipni qalbakilashtirish deyarli mumkin emas, lekin ko‘plab chegara o‘tish joylarida pasport tekshiruvi xodimlari ishlamaydigan chiplarga e’tibor bermay, pasport egasiga ruxsat beradi.
Ta’kidlanishicha, o‘zbek qalbaki pasport sotuvchisi odamning butunlay g‘oyib bo‘lishiga yordam berish uchun unga 500 dollar evaziga Turkiyaning o‘lim guvohnomasini ham taklif qilishi mumkin, bu hujjat esa tegishli konsullikka yuboriladi.
Qayd etilishicha, mijozlarning etnik kelib chiqishi, ular gaplashadigan tillari, qayerga borishni xohlashi va qancha pul sarflashi mumkinligiga qarab bir nechta pasport variantlari mavjud.
“Yevropaga kirish uchun eng arzon hujjatlar Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston pasportlari bo‘lib, ularning narxi 5 ming dollar atrofida. Agar bunga Shengen vizasi qo‘shilsa, unda bunday pasportning narxi 6000 dollarni tashkil qiladi. Boshqa mashhur va biroz qimmatroq variantlar Ukraina va Moldova pasportlari bo‘lib, ular Yevropa Ittifoqiga vizasiz kirish imkonini beradi. Eng qimmat variant — Yevropa Ittifoqi pasporti, u mijozga 8000 dollarga tushadi”, deyilgan xabarda.
Tushuntirilishicha, odatda Yevropa Ittifoqi fuqarosi Turkiyaga o‘z pasporti bilan keladi, uni o‘zbek yoki uning hamkasblariga taxminan 2500 yevroga sotadi. Keyin pasportdagi fotosurat mijozning fotosuratiga o‘zgartiriladi. Shundan so‘ng pasportning asl egasi hujjat yo‘qolganini e’lon qiladi va o‘z mamlakatining Istanbuldagi konsulligiga hujjat yo‘qolganligi haqida ariza taqdim etadi.
Pasport egasining o‘z mamlakatida chop etiladi, keyin mijoz kutayotgan mamlakatga yetkaziladi. Maqsad — rasmiy shtamplarni olish, bu hujjatning qonuniyligini mustahkamlashga yordam beradi.
LiveBarchasi