Turkiyada yana zilzila bo‘ldi. Qurbon bor (video)
Olam
−
03 iyun 25122 1 daqiqa
Bugun, 3 iyunga o‘tar kechasi Turkiyaning janubida sodir bo‘lgan 5,8 magnitudali zilzila oqibatida bir qiz halok bo‘ldi, yana 69 kishi jarohat oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, zilzila mahalliy vaqt bilan 02:17 da mashhur Marmaris turistik shahri yaqinida qayd etilgan. Yerosti silkinishlari 67 kilometr chuqurlikda yuzaga kelgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, zilzila Mug‘la viloyatida va yana bir nechta hududlarda sezilgan, biroq vayronalar aniqlanmagan.
“14 yoshli Afranur Gunlu Fethiyedagi zilzila vaqtida vahimaga tushib hushini yo‘qotdi va shifoxonaga yotqizildi, ammo uni saqlab qolishning iloji bo‘lmadi”, deb yozdi Yerliqoya.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 69 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan, ulardan 46 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘pchilik jabrlanuvchilar vahimaga tushib baland joylardan sakragan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Istanbul shahrida ham zilzila sodir bo‘lgan edi. Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi kuchli qo‘rquv holatiga tushishi oqibatida vafot etgan.