Turkiyada universitet tadqiqotchisi otib ketildi (video)

Olam

image

Kecha, 16 aprel kuni Turkiyaning Balikesir viloyati Oltieylul tumanidagi alkogol do‘koniga uyushtirilgan qurolli hujum oqibatida yon tomondagi oshxonada ovqatlanayotgan Balikesir universiteti Huquq fakulteti ilmiy xodimi Semix Kachmaz vafot etdi. Voqea yuzasidan 2 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Bu haqda CNN Türk xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea G‘oziusmonposho mahallasi 209-ko‘chada joylashgan alkogol do‘konida sodir bo‘lgan. Mototsiklda kelgan ikki noma’lum shaxs do‘konga qarata o‘t ochgan. Otilgan o‘qlar o‘sha vaqtda qo‘shni binoda ovqatlanayotgan Balikesir universiteti tadqiqotchisi Semix Kachmazga borib tekkan. Og‘ir jarohat olgan Kachmaz tez tibbiy yordam mashinasida Balikesir Otaturk shahar shifoxonasiga yetkazilgan, biroq shifokorlarning barcha harakatlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.

Fojiadan so‘ng Balikesir viloyati politsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan 60 ta ish joyidagi kuzatuv kameralari, Shahar xavfsizligini boshqarish tizimi (KGYS) va davlat raqamini aniqlash tizimi (PTS) yozuvlari sinchiklab o‘rganib chiqilgan. Tekshiruvlar natijasida gumonlanuvchilar T.K. va A.S. ekanligi hamda ular voqeadan keyin Bandirma tumaniga qochib ketgani aniqlangan.

Bosh prokuratura koordinatsiyasida o‘tkazilgan tezkor amaliyot natijasida gumonlanuvchilar jinoyat quroli bo‘lgan to‘pponcha bilan birga qo‘lga olingan. Hozirda ular ustidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu hodisa Turkiya ta’lim muassasalarida sodir bo‘layotgan qurolli hujumlar qatorida yuz berdi. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.

Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.

Joriy yilning 15 aprel kuni Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. O‘sha kuni Izmir shahridagi Ege universitetida talaba kampusdagi boshqa talabalarga uzun tig‘li xanjar bilan hujum qildi. Hozircha bu voqealarning bir-biriga aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Mazkur voqealar ortidan Turkiyada Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmasi bilan mamlakatdagi maktablarda politsiya tomonidan nazorat olib borilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Balikesir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing